Qulog‘imda qolgan qo‘ng‘iroq
Maktab... bu so‘zni eshitishim bilan yuragimni ajoyib, yoqimli hislar qamrab oladi. Men Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga qarashli 27-maktabning 11-sinfini tamomlayapman. Maktabga qadam qo‘yganimga ham hash-pash deguncha 11 yil bo‘libdi, vaqt juda tez o‘tib ketgandek.
Maktabga ilk kelgan kunim, onamning “Endi sen ham katta qiz bo‘lib qolding, ustozlaringdan bilim olasan, turli fanlarni o‘qiysan, ko‘p do‘stlaring bo‘ladi”, – deya meni mehr ila bag‘riga bosganlari-yu, ustozimizning “Siz mening farzandlarim kabisiz, endi bir oilamiz, hali shunday a’lochi, aqlli o‘quvchilar bo‘linglar-ki, men faxrlanib yuray”, – deya bizga ishonch bildirganlari kechagidek yodimda.
Maktabimiz, boshqalar uchun kichik bir qishloqning kichik bir go‘shasi bo‘lishi mumkin, lekin men uchun chinakam sehrli maskandir. Shu maktabga kelib savod chiqardik, bilim o‘rgandik va unutilmas kunlar, taassurotlarga ega bo‘ldik. Bolalikdagi shirin xotiralar maktab va sinfdoshlarim bilan bog‘liq. Mening birinchi ustozim Dildora opa jajjigina qo‘llarimdan tutib, harf o‘rgatgan, bilim bergan, ta’lim va odob-axloq tushunchalarini singdirganlar.
Sinfdoshlarim bilan juda ahilmiz, hamisha bir-birimizni himoya qilamiz. Ular bilan ajoyib, qiziqarli hodisalarni boshdan o‘tkazganman. Shodlik, qayg‘u, tortishuv va bahslar...
Ilk kelgan kunimiz “Men o‘g‘il bola bilan bir partada o‘tirmayman”, – deya ustozimizga xarxasha qilganim, bir dona ruchkani talashib, janjallashganim, doskaga chiqsam sinfdoshlarimning qo‘llab-quvvatlashlari, turli xil o‘yinlar, ustoz kelmasa quvonib hovliga yugurganimiz, o‘sha mashhur qo‘ng‘iroq ovozi... Sanab sanog‘iga yetmaysan kishi. Bularning barchasi endi takrorlanmaydigan lahzalardir. Mana, deyarli maktabni tamomladik, bir-ikkita imtihonlar qoldi, xolos. Maktab, ustozlarim, sinfdoshlarim bilan xayrlashishni o‘ylasam, beixtiyor ko‘zimga yosh qalqiydi. Maktab bilan birga mening bolaligim, erkaligim, barchasi tugayotgandek, go‘yo. Endi men ham katta hayotga qadam qo‘yaman. Endi mehribon ustozlarim, hazilkash, sho‘x-shaddod sinfdoshlarim, qulog‘imga o‘rnashib qolgan yoqimli maktab qo‘ng‘irog‘i, qadrdon partam, sinfxonam – barcha-barchasi ortda qoladi.
Ha, nachora, bolalik onlarimiz o‘tgan ushbu maskanni tark etish qiyin, lekin endi har birimizning hayotimizda yangi bir eshik ochiladi.
Sen xotiramda mangu yashaysan, qadrdon maktab!
Marjona ABDULLAJONOVA