Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mangu yonar sham

Dunyoda hech bir ota-onaning 20-30 nafar farzandi bo‘lmaydi. Ammo bag‘rikeng ustozlarimiz bundan-da ziyoda bolalarga ta’lim-tarbiya berib, har birining hayotda o‘z o‘rnini topishini istaydilar. Ular tuganmas sabr egasi.

Ustoz haqida gap ketganda birinchi o‘qituvchim – Dilshoda Rahmonovani xotirlayman va beix­ti­yor ko‘zlarimga yosh keladi.

Qishlog‘imiz shahardan ancha uzoqda joylashgan. Bizda boshlang‘ich sinflar o‘qishiga mo‘ljallangan kichik mak­tab bor edi. Bor-yo‘g‘i 4 xonali maktabning 2 ta xonasida dars o‘tilar, bit­tasida qish kunlari jismoniy tarbiya bo‘lar, biri ko‘­mir­xona edi. Ikki nafar ustozdan ta’­lim olardik. Boshqa qishloqdan ham o‘qi­tuv­chilar kelib dars o‘ti­shardi. Ammo yo‘l uzoqligi, mashina qat­namasligi sababli qishda kelolmasdilar. Men mak­tab­ga chiqqan yili sin­fimizga yangi ustoz keldi. Juda chiroyli, uzun bo‘yli, oppoq yuzli ayol edilar. Ular boshqa ustozlar singari yo‘l tutmadilar. Ikki yil mobaynida bir marta ham dars qoldirmasdan kelib, savodimizni chiqardilar. Qish kunlari oyoq kiyimlari qorga to‘lgan, oppoq yuzlari qip-qizil, ust-boshlari qor bo‘lib xonaga kirib kelardilar.

Kirishlari bilan “Hamma uy vazifalarini takrorlasin”, deb sekin orqaga – pechka yoniga o‘tib, paltolarini bo‘sh partaga yoyardilar, ho‘l oyoq kiyimlarini yechib quritish uchun pechkaga yaqin qo‘yardilar. Oyoqlari qip-qizil sholg‘omdek bo‘lardi. O‘sha holda dars o‘tardilar. Ba’zan “Bugun ertaroq javob bering”, desak “ – Yo‘q, dars vaqti – sizning haqqingiz, men unga xiyonat qilolmayman, har bir ishning javobi bor” – derdilar.

Kunlarning birida she’r yod olishni uyga vazifa qilib berdilar. Keyingi darsda hech kim she’rni to‘liq aytib berolmadi. Har safar she’r aytsam yoki matn yozsam, “Zulfiyachi qizim, barakalla”, derdilar. Shu kuni, hatto, men ham adashib-tutilib, 4 qatorini ayta oldim xolos. Ustozim chap yuzimni ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasida qisib “Nahotki, sizlarni qiziqtira olmayapman? Qayerda xato qildim? Senga ishonardim, kutmagandim, qizim”, degancha ko‘zlariga yosh qalqdi. Ularning yig‘laganlarini birinchi marta ko‘rishimiz edi.

Shu tariqa kunlar o‘taverdi. 3-sinfga o‘tganimizda sinf rahbarligiga boshqa ustoz keldi. 5-sinfda esa  4 kilometr uzoqlikdagi katta maktabga o‘tdik va Dilshoda ustozimiz ham o‘sha qishloqda yashashlarini bildik. Ammo, kunlarning birida u kishining olamdan o‘t­gan­ligini eshitib qoldim. Shu on nafasim bo‘g‘­zimga tiqildi. Go‘yo vaqt bir lahzaga to‘xtab qol­di. Axir, men “Zulfiya” mu­­kofotini olib, u kishining yoni­ga bormoqchi: “Mana, us­toz, meh­natingiz, chek­kan zahmatlaringiz me­va­si, bu unvon meniki emas, aslida sizniki”, deb xatoyimni to‘g‘­ri­la­moq­chi edim-ku!

Bu qarzdorlik hissi hamon yuragimda. Shu in­songa havas qilib, o‘qi­tuvchilik kas­bi­ni tanladim. Nasib qilsa, o‘zimga bergan va’damni bajarib, ko‘ksimda “Zulfiya” medali va yorug‘ yuz bilan ustozim qabriga boraman, “Mana ustozim, “Zulfiyachi” qizingiz keldi”, deya aytaman.

Bu kasb egalari haqida muqaddas Qur’oni Karimda ham keltirilgan. Payg‘am­ba­rimiz Muhammad (s.a.v) ilm tarqatuvchi ustozlarga katta savob yozilishi haqida aytganlar.

Ustoz – beg‘ubor qalblarga yorug‘lik ulashuvchi sham. Bu yorug‘lik butun olamga tatiydi.

 

Aziza NASRIDDINOVA, 

O‘zDJTU talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.