Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilk sayohatim

Bahorgi ta’til es­da qolarli bo‘ldi. Umrim­da birinchi marta samol­yotga chiq­dim. Biz – da­dam, bu­vim, ammam bilan Ger­maniyaga, ama­kim­ning oldilariga te­mir qa­not­larda uchib bordik.

Amakim Germaniyaning Ham­burg shahrida katta firmaga ish boshqaruvchi bo‘libdilar. Ular­ga vaqtinchalik uch xonali  uy va mashina berishibdi.  Amakim bizga bilet yu­bo­rib, mehmonga chaqirdilar.

Bizni amakimning o‘zlari kutib olib, to‘g‘ri uylariga eltdilar. Uylari sohil bo‘yidagi ko‘p qavatli binoning to‘rtinchi qavatida joylashgan bo‘lib, eshik  elektron tizim asosida ishlar ekan. Uylari katta, zamonaviy. Xonalarida keragidan ortiq buyum, jihozlar yo‘q. Dadamning aytishlaricha, Hi – tech usulida jihozlangan ekan. Uy menga yoqdi-yu, lekin biroz zerikarli tuyuldi.

Bir hafta davomida amakim bizni Hamburg  shahridagi bog‘lar, muzeylar, port­larga olib bordilar. Hayotimda ilk bor juda ko‘p va katta kemalar, paroxodlar, yaxtalarni ko‘rdim. Sababi, bu yer Germaniyaning yirik port shahri ekan. Biz bilgan yegulik gamburgerning kelib chi­qi­shi ham shu shahar no­mi­dan olinganligi men uchun yangilik bo‘ldi. Chun­ki kemalarda ko‘p yuradigan aholi uchun eng qulay taom bu baton non orasiga qo‘yilgan go‘sht yoki kol­basadir.

Shaharda mashinadan ko‘ra velosiped haydovchilar ko‘p ekan. Ma’lumki, nemis xalqi uchun sog‘lik va tabiat juda qadrli. Biz bilgan yarim litrli yelim baklashkadagi oddiy suv 14 sent, bo‘sh baklashkani maxsus joyga topshirsangiz, shu idish uchun 25 sent to‘lashadi. Ma’nosini tushunyapsizmi? Ya’ni, hech qayerda chiqindi degan narsani ko‘rmaysiz.  Bu yer 95% chi­qin­di qayta ishlanadigan yurt ekan. Ya­na ajab­lan­­ganim, ko‘cha­lar­da sotuvchisi yo‘q do‘­kon­lar bor. Kerakli mahsulotingizni ola­siz, qutichaga pu­­li­ni to‘lab ke­ta­ve­rasiz. Nemislardagi ishonch, tar­tib, to‘g‘­­rilik meni juda ta’sirlantirdi.

Bir kuni kechasi super­marketga yegulik ol­gani kirdik. Odam ko‘p.  Muddati o‘tgan mahsulotlar non rastalari qatorida. Sababini bilsam, soat 18:00 dan keyin non va kunlik yeguliklarga 50% chegirma qilinarkan. Chunki ayrim turdagi mahsulotlarni ertasiga sotish mumkin emas ekan.

Yana meni ajablantirgan holat shu bo‘l­diki,  xiyobonlarda kichik, egasi yo‘q kutub­xo­nachalar tashkil qilingan va u yerdan odamlar o‘ziga kerakli kitobni olib, o‘qib bo‘lgach, qaytarib joyiga qo‘yishar ekan. Xiyobonda hech qanday ko‘ngilochar narsalar yo‘q, fa­qat o‘rindiqlar va kitob mutolaa qilayotgan odamlarni ko‘rasiz.

Hafta davomida ulgurganimizcha sa­yohat qildik. Ketishimizdan bir kun avval amakim yaxshi bir restoranga olib bordilar. Atrofda xo‘randalar kam. Biz oilaviy bitta stolni band qildik. Amakim yapon, nemis, italyan taomlaridan buyurtma berdilar. Tez­da olib kelishdi. Ovqatlanib bo‘lgach, turib ketayotganimizda taomlarning deyarli uch­dan biri tarelkada ortib qolgan edi. Res­toranning chiqish eshigiga yetib bormagan ham edikki, kimdir bizni chaqirdi. Qarasak, qo‘shni stoldagi xo‘randalar restoran bosh­qaruvchisiga nimalarnidir gapirishyapti. Bil­sak, ular o‘zimizdan keyin ko‘p ovqat qoldirib ketayotganimizdan norozi bo‘lishibdi. Shunda dadam, “Buyurtma bergan ovqat pulini to‘ladik, sizlarga daxli bo‘lmagan narsaga nega aralashasizlar?”, dedi. Ulardan  biri bizga afsus  bilan qarab turdi-da, telefonini olib, kimgadir sim qoqdi. Ko‘p o‘tmasdan, rasmiy kiyimda bir kishi kirib keldi, o‘zini “ijtimoiy ta’minot muassasa”sining zobiti deb tanishtirdi. Bizga 50 marka (30 dollar) jarima soldi. Biz javob qaytarolmadik. Amakim uzr so‘rab, 50 marka to‘ladi. Zobit sa­mimiy ohangda: “Ortib qolmasligiga ko‘zlaring yet­­gan taomni bu­yurtma beringlar, pul o‘zlaringniki, lekin re­surslar barchaniki. Dun­yoda ko‘plab odam­lar resurs, oziq-ovqat taq­­chilligiga duch kel­moq­da, sizlar esa behudaga ket­kaz­yap­sizlar” dedi. Biz rosa xijolatda qoldik. Uning gap­lari to‘g‘ri edi.

Dadam va amakim o‘sha qoidabuzarlik qo­g‘ozini su­rat­ga olib, oilaviy albomga solib qo‘­yishdi. Shu voqeadan keyin faqat men emas,  oilaviy isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun  turmush tarzimizni o‘zgartiryapmiz. “Sotib oladigan narsamiz biz uchun kerakmi? Qancha kerak? Necha so‘m ekan?” – degan savollarni avval o‘zimiz uchun beryapmiz.

 

Hilola ABDURASULOVA

tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.