Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamolotga yetaklagan ishtiyoq

– Ibi Asaljon, man guzarga chiqib keldim ohi, san haliyam shu yerga qimirlamay oʻtiribsanmi? – anchadan buyon televizorga tikilib oʻtirgan nabirasining yelkasidan turtdi buvisi. – Shu oʻrischa musiqa sanga yoqoptimi, bacham?! – hayratlandi buvisi gapiga åʼtibor ham bermay kuy ohangida tebranayotgan qizalogʻiga.

– Judayam yoqopti, bibijon. Men ham shu qizga oʻxshab skripka chalishni oʻrganaman.

– Skripka, yoʻgʻ-ye, skripkani qoʻy, bacham. Hamon soz chalishni xohlasang, ana bovangni dutorini chal. Nolasi odamni sel qilib yuboradigan gʻijjak chalishni oʻrgan. Qara, sozanda Abduhoshim Ismoilov bor-ku, oʻsha gʻijjak chalganda qanday xursand boʻladi.

– Gʻijjak chalishni ham oʻrganaman. Chunki u ham skripkaga oʻxshash. Ammo, gʻijjakda Motsart, Betxoven kuylarini chalib boʻlmaydi-da, bibijon.

– Ibi, hali Motsartni ham bilasanmi? Unda seni maxsus musiqa maktabida oʻqitishimiz kerak ekan-ku!

– Ha, bibijon musiqa, maxsus musiqa maktabga oʻqishga yuboring, – quvonib ketdi Asal.

– Unda sen bu yerga emas, poytaxtga oʻqishing kerak. Dadang bilan gaplashay-chi, – nabirasini bagʻriga bosdi buvi.

Asalning buvisi vaʼdasida turdi. Qizalogʻining musiqaga mehrini, undan ham muhimi – undagi iståʼdodni yuzaga chiqarish uchun olis demasdan Toshkentga – Glier nomidagi respublika maxsus maktab-internatiga olib keldi. Undagi musiqani tushunish layoqatini, skripka soziga muhabbatini sezgan qabul hayʼati aʼzolari qizaloqni kamonli-torli cholgʻu asboblari boʻlimiga qabul qilishdi. Orzusi ushalgan Asal qiz tirishib-tirmashib oʻqishga kirishdi. Maktabning aʼlochi oʻquvchilari safidan joy oldi. Matematika, ona tili va adabiyot fanlarini juda qiziqish bilan oʻrganib ustozlari maqtoviga erishdi. Biroq uning uchun musiqa darsi eng sevimli edi. Asal ustozi Mashkura opa Mamedovadan skripka chalishni miridan-sirigacha oʻzlashtirishga harakat qildi. Bu sehrli sozning tarixini, mohir skripkachi sozandalar hayotini, mahoratini oʻrganishga astoydil bel bogʻladi. Boʻsh vaqt topdi deguncha jahon klassiklari Motsart, Betxoven, Shopen, Paganinining skripkada ijro etgan kuylarini takror-takror tinglaydi. Sevimli sozini silab-siypab qoʻliga olib xuddi ulardek nazokat va mahorat bilan chalishga intiladi.

Intilganga tole yor. 2013-yil Asal Yusupova 7 yoshida Parijda oʻtkazilgan Aleksandr Glazunov nomli Xalqaro tanlovda 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Tanlovdagi ilk ishtirok qizaloqqa oʻziga xos maktab boʻldi. U sahna madaniyatini shu yerda angladi. Oʻzining kamchiliklarini bilib oldi va bu kamchiliklarni bartaraf qilishga astoydil kirishdi. Bilmagan, tushunmaganlarini ustozidan takror-takror soʻrashga tortinmadi. Ikki yil oʻtib Italiyaning Varletta shahrida boʻlib oʻtgan “Citti Varletta” Xalqaro tanlovida tomoshabinlarni, talabchan hayʼat aʼzolarini oʻz ijrosi bilan lol qoldirib, oliy mukofot – Gran prini qoʻlga kiritdi. Bu yutuq unga nufuzli Xalqaro tanlovlarda qatnashish imkoniyatini berdi. Nafaqat qatnashish, balki gʻolib boʻlishiga omil ham boʻldi. 2017-yil Jenevada oʻtkazilgan onlayn tanlovda 2-oʻrin bilan kifoyalangan boʻlsa, 2018-yili “Jumeriah Soinds” Dubay Xalqaro musiqa festivalida 1-oʻringa loyiq topildi.

Xabaringiz bor, 2019-yilda poytaxtimiz “Open Asia” Xalqaro tanloviga mezbonlik qildi. Asal qizi tushmagur bu yerda ham mezbonman, deb oʻtirmadi. Shu choqqacha egallagan musiqiy bilimi va sozandalik mahorati bilan barchani maftun etdi. Bir ovozdan oliy oʻringa loyiq koʻrildi.

Siz bu yil bahorgi karantin chogʻlarida maktabga bormay, uyda onlayn oʻqib yurganingizda ham sozanda qiz tinim bilmadi, mahoratini, malakasini oshirishdan toʻxtamadi. Barcha fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirdi. Polsha, Rossiya va Turkiya davlatlarida onlayn tarzda oʻtkazilgan Xalqaro tanlovlarda oliy oʻrinlarni zabt etdi.

Biz Asal Yusupova gʻolib boʻlgan tanlovlarni ketma-ket sanayapmiz. Tagʻin xayolingizga sozanda qiz bu muvaffaqiyatlarga osongina erishibdi, degan notoʻgʻri fikr kelmasin. Bu yutuqlar zamirida tinimsiz mehnat, oʻqish, oʻrganish, uyqusiz tunlar, betin kunlar bor. Chunki skripka – murakkab cholgʻu. Koʻpgina sozlarda pardalar ajratilgan boʻladi. Skripkada unday emas. Musiqani tushunish, eshitish qobiliyatingizga tayangan holda kerakli pardalarni oʻzingiz topasiz. Asal ana shu murakkab ishni ham uddasidan chiqqani bois yuqorida aytilgan yutuqlarni qoʻlga kiritdi.

Sezgan boʻlsangiz, sozanda qizning koʻp vaqti chet ellarda oʻtadi. Bunday paytda koʻpchilik tushunadigan xorijiy tilni bilish zarur. Bu haqda Asal shunday dedi:

– Agar men ingliz, rus tillarida erkin gapira olmaganimda, sozandalik mahoratim bilan tomoshabinlarni, ishtirokchilarni qoyil qoldira olsam-da, tafakkurim bilan hurmat qozona olmasdim. Men ular tushunadigan tilda dunyoga ibn Sino, Gʻijduvoniy, Naqshband, Fitratlarni bergan qadimiy Buxoro farzandi ekanligimni, ibrat olsa arziydigan urf-odatlarimizni, ming yillik qadriyatlarimizni aytib beraman. Ular men orqali qaddi baland xalqim, qadri baland millatimga va menga havas bilan qarashadi. Bundan gʻururlanaman, xuddi bobolarimdek Vatanim sharafini yuksaltirishga ahd qilaman.

Darvoqe, Asaljon bibisiga bergan soʻzining ustidan ham chiqdi. Skripkadan tashqari fortepyanoda ham mahorat bilan chalishni oʻrgandi. Endi gʻijjak chalishni oʻrganish taraddudida.

Biz sozanda qizga nafaqat mumtoz musiqalarni maromiga yetkazib chalishda, balki klassik darajaga yetadigan asarlar yaratib, musiqa sanʼatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishida ham omad tilaymiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.