Kitob vatanni anglatadi
Kitob insonning fikr doirasini kengaytirib, unga cheksiz maʼnaviy-ruhiy ozuqa beradi. Buyuk mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiy taʼbiri bilan aytganda: “Kitobdan yaxshi doʻst yoʻqdir jahonda”. Darhaqiqat, insonni kamolga yetkazuvchi, ulugʻ tariximizdan hikoyalar soʻzlovchi, buyuk sarkarda, vatanparvar bobolarimizning yorqin, zafarlarga toʻliq yoʻlini koʻrsatuvchi, Vatanning har nedan muqaddas ekanligini anglatuvchi ham kitob.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini nishonlash, oʻquvchi-yoshlarga Qurolli Kuchlarimiz haqida batafsil maʼlumotlar berishda oʻquv dargohimizda tashkil qilingan axborot-resurs markazining alohida oʻrni bor. Toʻqqiz mingga yaqin badiiy-ilmiy adabiyotlar va oʻquv qoʻllanmasini oʻzida jamlagan kutubxonamiz xodimlari tomonidan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuv va suhbatlar, filmlar namoyishi oʻquvchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu tadbirlarda Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, Xolmirza ota Turonov, mehnat faxriylari – Gulchehra Egamqulova, Baraka Ismoilovlarning hayot yoʻllari haqidagi, sobiq tuzum armiyasining milliy armiyamiz bilan taqqoslab aytgan hikoyalari ayniqsa, eʼtiborga molik boʻldi.
Oʻquv yilining birinchi yarmida tashkil qilingan yangi nashrdan chiqqan badiiy adabiyotlar koʻrgazmalari, maʼrifiy tadbirlar va bir qancha tanlovlar oʻquvchilarimizning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Maktabimizning yuqori sinf oʻquvchisi Malika Ravshanova sportning taekvando yoʻnalishi boʻyicha respublika bosqichida qatnashib, faxrli 2-oʻrinni egalladi. Shuningdek, Muhayyo Roʻziboyeva va Gavharshod Isoqovalar ham respublika bosqichlarida yaxshi natijalarni qoʻlga kiritdi. Gavhar Ahadova “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusidagi insholar tanlovining viloyat bosqichida gʻolib boʻldi.
Oʻquv dargohimizda ingliz tili, adabiyot, biologiya, geografiya fanlaridan tashkil qilingan toʻgaraklar ishi koʻngildagidek olib borilmoqda. Ayniqsa, ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Iroda Gʻoyibnazarova rahbarligidagi “Nihol” va “Yosh qalamkashlar” toʻgaragi faoliyati maqtashga arzigulikdir. Ushbu toʻgaraklarning 20 ga yaqin yosh ijodkorlari Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab jajji hikoya, masal va sheʼrlar bitdilar. Ularning ijodiy ishlari respublika va viloyatning gazeta-jurnallarida chop etilmoqda. Toʻgarak aʼzosi 10-sinf oʻquvchisi Gavhar Ahadova oʻtgan oʻquv yilida respublika miqyosida oʻtkazilgan “Zulfiyaxonim – tong kuychisi” mushoirasida birinchilikni qoʻlga kiritdi.
Bugungi kunda Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan sobiq oʻquvchilarimiz erishgan yutuqlarini eshitib, koʻnglimiz togʻdek koʻtariladi. Ularga va ular qatorida Vatanimizning tinchligini saqlayotgan, bu yoʻlda huzur-halovatidan kechib, yuksak aql-idrok, gʻayrat va shijoat bilan xizmat qilayotgan oʻsmirlarimizga kuch-quvvat tilaymiz.
Dilmurod XOLBOʻTAEV,
Gʻallaorol tumanidagi 27-maktabning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari