Mitti tabib
Hammangiz ham behini sevib isʼtemol qilavermaysiz. Undan koʻra, sersuv nok yoki qip-qizil olmani huzur bilan yeyish siz uchun maroqli. Aslida, behi suvsiz va biroz taxir boʻlsa-da, sogʻligʻingiz uchun koni foyda. Azal-azaldan donishmand bobolarimiz behini shifobaxsh meva sifatida qadrlaganlar.
Agar sizni shamollash va yoʻtal qiynayotgan boʻlsa, kattalar yordamida quyidagi muolaja usulini qoʻllashingiz mumkin. 4-5 dona yaxshi pishgan behining ichini oʻyib, qoʻy dumbasi, 1-2 choy qoshiq asal bilan toʻldiriladi va gaz pechida past olovda yarim soat pishiriladi. Uni mantiqasqonda pishirsa ham boʻladi. Malham kuniga 2 mahal, ovqatdan keyin isteʼmol qilinadi. Muolaja nafas yoʻllari shamollaganda, hatto zotiljamda yordam beradi.
Bronxitda bir choy qoshiq behi urugʻiga bir piyola sovuq suv quyib, shilimshiq holga kelguncha qaynatiladi. Damlama kuniga 2-3 mahal, ovqatdan 20-30 daqiqa keyin 1 osh qoshiqdan ichiladi. Bu usul oshqozondagi ogʻriqlarda (ayniqsa, gastritda) ham yaxshi yordam beradi.
Qon bosimi koʻtarilganida behi barglaridan bir piyola olib quritiladi. Ustiga tibbiyot spirtidan yarim piyola quyib, qorongʻi joyda bir hafta tindiriladi. Tindirmadan kuniga 2 mahal yarim piyola qaynagan suvga 20 tomchidan tomizib ichiladi.
Qandli diabetda behi barglari hamda yangi novdalaridan tayyorlangan qaynatma ichish tavsiya etiladi. Buning uchun 2 osh qoshiq behining quritib maydalangan bargi va novdalari ustida 2 piyola suv quyilib past olovda yarim soat davomida qaynatiladi. Soʻng qaynatma sovutib suziladi. Tayyor boʻlgan sharbatdan 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ovqatdan keyin ichiladi.
Astma xuruj qilganda 10 dona behi bargini yaxshilab yuvib, ustiga 2 piyola qaynoq suv quyiladi va suv bugʻida 15 daqiqa qaynatilada. Damlama 1 oshqoshiqdan kuniga 2 mahal ovqatdan oldin ichiladi.
Behi urugʻidan gastrit, qabziyat hamda yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanishida quyidagi usul yordamida tayyorlangan tindirmadan foydalaniladi: 10 gramm behi urugʻining ustiga 1 piyola qaynagan iliq suv quyib, 5 daqiqa davomida asta-sekinlik bilan aralashtiriladi. Chunki undan achchiq bodom taʼmi keladigan amigdalin modda ajraladi. U esa oshqozon-ichak tizimi uchun zararli boʻlishi mumkin. Tindirma dokadan oʻtkazilib, kuniga 4 mahal, ovqatdan yarim soat keyin ichiladi. U teri kuyishlarida yoki terining qurib, dagʻal tortishida ham asqotadi. Zararlangan joylarni kuniga 4-5 mahal paxta yordamida artsangiz kifoya.
Kolit (yoʻgʻon ichak yalligʻlanishi)da 10 gramm behi urugʻiga 1 piyola sovuq suv quyib, 1 kecha tindiriladi. Ertalab dokadan suzib, kuniga 3 mahal chorak piyoladan ichiladi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.