Yoshlik – istaklar ummoni
Akrobatika yunoncha akrobatik – oyoq uchida yuraman, yuqoriga chiqaman degan maʼnoni anglatadi. U sport uskunalariga tayanib yoki ularsiz muvozanatni saqlagan holda sakrab bajariladigan, kuch va epchillik namoyish qilinadigan sport turidir. Akrobatikada harakatlar aylanish, umbaloq oshish va salto orqali amalga oshiriladi.
Nigina ham akrobatikaning haqiqiy muxlisi. Qizi bor uyning fayzi oʻzgacha ekanligini yaxshi anglagan qizaloq uy yumushlarini bajarishda, saranjom-sarishtalikda onasiga dastyor. Ammo sevimli mashgʻuloti akrobatika bilan shugʻullanishga ham albatta vaqt topadi. Esida, yetti yoshida televizor orqali akrobatlarning qoʻrqmasdan, chaqqon, erkin harakat qilishlarini berilib tomosha qildi. Shu bahona boʻldi-yu, akrobatikaga qiziqib qoldi. Farzandidagi ishtiyoqni payqagan otasi Shohrux aka uni Toshkent shahar gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga olib bordi. Nigina u yerda iqtidorli murabbiy Galina Nikolayevna qoʻlida akrobatika sirlarini oʻrgana boshladi. Shogirdining tirishqoqligidan ustozning koʻngli toʻq edi. Chunki u juda ziyrak, ustoz oʻgitlarini, harakatlarini bir zumda ilgʻab olardi-da. Biroq toʻplagan mahorati kamlik qildi shekilli, 2016-yil Qozogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtgan musobaqadagi ilk ishtirokida 3-oʻringa loyiq koʻrildi. Toʻgʻrisi, bunday natijani kutmagandi. Biroz yigʻlab ham oldi. Ammo, chekinmadi. Hamma narsani unutib, holdan toyguncha mashq qilardi, baʼzan ovqat yeyish ham esidan chiqib qolardi. Hatto bir gal mashgʻulot chogʻida oyogʻini sindirib oldi. Ammo bu ham uni maqsadidan qaytarolmadi. Sogʻayishi bilan arenaga qaytdi. U gʻalaba, faqat gʻalabaga intilaverdi.
Nihoyat u koʻzlagan marrani zabt etdi. 2018-yil 12-18 yoshlilar oʻrtasida oʻtkazilgan Respublika ochiq turnirida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu uni yangi yutuqlar sari chorladi.
– Akrobatika bilan shugʻullangan yoshlar vazmin, oʻziga ishongan, har qanday vaziyatda ham oʻzini tuta oladigan boʻlishi kerak, – deydi Nigina Xudoyberdiyeva.
Yosh doʻstimiz kelajakda sportning shu yoʻnalishi boʻyicha murabbiy va psixolog boʻlmoqchi. Albatta, yoshlik orzusi boʻlmaganda inson bir nuqtada toʻxtab qolar edi. Bizni harakatlantiruvchi va umid bagʻishlovchi kuch bu yoshlikda tuzilgan reja-istaklar ummonidir.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA