Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kundalikdan ko‘chirma

Ibrohim G‘afurov:

Fitratning “Sayha” asarida “Arslonlar o‘lkasi” degan ta’rif uchraydi. Bu ta’rif bizga ulug‘ maqsadlarni eslatadi: farzandlarimizni ilm arsloni qilib tarbiyalaylik! Bu yil Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi nishonlanmoqda. Ammo sizning farzandingiz Mirzo Ulug‘bek kimligini biladimi? Unga “To‘rt ulus tarixi”dan bir parcha o‘qib bering. Toki bilsin: o‘zbek degan millat kim edi, kim bo‘ldi va qay yo‘lda ketmoqda? Bu savollarni anglash farzandlarimiz uchun shart va zarurdir.

 

Xurshid Do‘stmuhammad:

Kitob o‘qigan inson bugungi havoyi va o‘tkinchi trendlarga ergashmaydi, balki mulohaza qiladi. Hozirgi zamonda hovliqmalik va har narsaga tez erishishga intilish odat tusiga kirib qolgan. Dunyoni manfaat boshqarmoqda, odamlar esa kitoblardan uzoqlashmoqda. Kitoblar oldin nafaqat bilim manbai, balki ovunchoq ham edi. Ammo hozir inson e’tiborini tortadigan narsalar ko‘payib ketdi. Kimdir kitobni ovunchoq sifatida ko‘rib, undan voz kechishi mumkin, lekin kimdir inson bo‘lish uchun kitob o‘qishni davom ettiradi. Ana shular kitobni hech nimaga almashtira olmaydi. Kitob bizni fitratimizga yaqinlashtiradi, insoniylashtiradi. Bugungi axborot olish manbalari ko‘pligi kitobning o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli, insoniyatning tushunchalari va qadriyatlari o‘zgarib bormoqda. Oila tushunchasi avvalgi muqaddasligini yo‘qotmoqda. Ayollar erkaklarga o‘xshashga urinmoqda, erkaklar esa o‘z mas’uliyatini unutmoqda. Kitobdan uzoqlashgan sari insoniylikdan ham uzoqlashamiz.

 

Mahmud Toir:

Eng buyuk poklik – ma’naviy poklik. Qalb ko‘zi kitob bilan  ochiladi. Falastin va Ukrainadagi voqealar bizga hamma narsani zar va zo‘r bilan hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Dunyoni faqat aynan qalb ko‘zi ochiq odamlar qutqaradi. Kitobxonlik, kitobga qiziqish maktabdan boshlanadi. Darsga tayyorlanmay kelgan o‘qituvchi eshikda o‘z vijdoniga qoqilib ketadi. 

Bugun maktabda o‘qituvchilar  bolalarga milliy asoslarimiz, qadriyatlarimiz, tariximiz haqida ko‘proq gapirishi kerak. Bugunning bolalari media olamidagi boshqa xalqlar yaratgan madaniyatni ko‘rib ulg‘ayishmoqda. O‘zligidan, millatidan, tarixidan uzoqlashib ulg‘aymoqda. Birorta fan yo‘qki tamal toshi, asoslari bizdan bo‘lmasa. Bizning g‘aflatimiz bugun biz o‘sha ajdodlarimizni bilmaymiz, tanimaymiz. Bitta Navoiysi bor millatni yo‘q qilib yuborish mumkinmi? Uni boshqa millatga aylantirib, o‘zgartirib yuborish mumkinmi? Mumkin! Agar o‘sha millat Navoiylarini unutsa! Kimligini unutsa! Bizning bolalarimiz bugun bobolarini biladimi? Taniydimi? Mana shu masala! Shu narsa bizning kelajagimizni belgilaydi.

 

Dilnavoz NAJIMOVA oqqa ko‘chirdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.