Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kim uyg‘oq, kim mudroq

Qadrli o‘quvchilar! Mana jurnalning 12-soni ham sizga yetib bordi. Biz ijodkorlar esa uning har bir sonini qiziqarli, mazmunli, rang-barang qilib tayyorlash uchun yil davomida izlandik, o‘zaro bahslashdik, ijodiy suhbatlar qurdik. Siz muxlislar, “Gulxan”ni qanchalik sevib mutolaa  qilasizlar, o‘zingizga ma’lum, lekin biz jurnalni sevib tayyorlaymiz, uning har bir yangi soni ustida ishlash bizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Shu o‘rinda jurnal obunasini uyushqoqlik bilan tashkil etgan Andijon, Buxoro, Samarqand Xorazm viloyatlari mas’ullariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Far­g‘ona, Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo vi­loyatlari esa o‘tgan yillarga nisbatan biroz faollashib qoldi. Lekin ming afsuski, nomlari qayd etilmagan viloyatlar hanuz Prezident farmonini  bajarishda sustkashlik qilishmoqda. Poytaxt atrofini o‘rab turgan shunday katta  Toshkent viloyati esa jim-jit... Jizzax, Navoiy viloyatlarining mas’ullari qachon uyg‘onishadi, noma’lum.  Nahotki, PQ bo‘yicha har bir maktab kutubxonasiga bir donadan “Gulxan” yetkazib berish  shu darajada qiyin ish bo‘lsa? Nahotki, bu hududlarning mutasaddilari  o‘z bolalarining ertasini, ularning ma’naviy kamolotini o‘ylashmasa?

“Gulxan” hamisha iste’dodlar beshigi bo‘lib kelgan. Unda o‘quvchilarning she’r, hikoya, ertak, maqolalari, rassom bolalarning chizgan rasmlari, hunarmand bolalarning qo‘l ishlari, yoshlarning yangi ixtirolari yoritib boriladi. Ming afsuski, obuna bo‘lmagan viloyatlardagi iste’dodli bolalarning ijod namunalari o‘z tumani yoki viloyatidan nariga o‘tmay qolaveradi. Shuningdek, biz jurnalning har bir sonida fanda, sportda, san’atda ulkan natijalarga  erishgan bolalar haqida ham hikoya qilamiz. Maqsadimiz tengdoshlaringiz erishgan marralarga barcha o‘quvchilarni chorlash. Chunki bolalar ruhiyati bilan shug‘ullanadigan olimlarning aytishicha, deyarli hamma bolalarda u yoki bu yo‘nalish bo‘yicha iste’dod bo‘ladi. Faqatgina ularni aniqlab, yo‘lga solish avvalo, ota-onalarning,  so‘ngra o‘qituvchilarning vazifasi ekan.

Biz 2024-yil davomida  “12 oy – 12 kitob” rukni ostida badiiy kitoblar bo‘yicha savollar tayyorlab, muxlislarga havola etyapmiz. Bu sahifada tanlov ham e’lon qilganmiz. Lekin negadir javoblar juda kam. Shu bois bu tanlovni kelgusi yilda ham davom ettirishga qaror qildik. Savollarga to‘g‘ri javob yo‘llagan o‘quvchilar surati bilan jurnalda beriladi. Ularni “Gulxan”ning ajoyib sovg‘alari kutmoqda.

Gap kitob haqida ketar ekan, audio kitoblar haqida ham aytib o‘tmoqchimiz. Bugungi kunda ularni Ziyonet.uz, kitobook.com, natlib.uz, oyina.uz, kitobxon.com saytlaridan, “Mutolaa” ilovasidan topib tinglashingiz mumkin. Izlagan kitobingizni ushbu manzillardan  topib tinglashingizga ishonaman.

Yangi yil ostonasida turibmiz. Ortimizga qarab qanday ezgu ishlarga ulgurdik, qay birini amalga oshira olmadik, deb o‘zimizga savol berishni bilsak, demak biz uyg‘oqmiz. Ona Vatan uchun, ota-ona, ustozlar, atrofimizdagi barcha insonlar uchun, uyg‘oq qalb bilan yashamoq har birimizga qarz va farz. Shunday ekan, kelgusi yilda yanada g‘ayratli, bilimli va o‘z ijod namunalaringiz bilan jurnalimiz sahifalarida faol bo‘lishingizni tilab qolamiz.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.