Kuyla, Sanobar
Har yili “1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ni nishonlash arafasida yurtimiz teleradiokanallari orqali dillarga huzur bag‘ishlab yangraydigan, bayram madhiyasiga aylanib qolgan “Ustozlar” qo‘shig‘ini hammamiz yaxshi bilamiz. Uning so‘zlari barchamizga yod bo‘lib ketgan. Qo‘shiq qachon yaratilgan, she’rini qaysi shoir yozgan, kuyini kim bastalagan? Kim ijro etgan? Shular haqida bilasizmi? Keling, bugun ustozlar bayrami munosabati bilan mana shu – ko‘p yillar avval xalqimizning yuragiga kirib, ko‘nglidan chuqur joy olgan qo‘shiq va uning ijrochisi haqida suhbatlashamiz.
“Ustozlar” qo‘shig‘i O‘zbekiston televideniyesi orqali ilk marta 1973-yil “Kuyla, Sanobar!” film-konserti orqali efirga uzatilgan. Uni Andijon viloyatining Asaka shahri yaqinidagi Qayrag‘och qishlog‘ida chorvador Rahmonali aka oilasida tug‘ilib o‘sgan Sanobar Rahmonova ijro etgan. She’rini esa O‘zbekiston xalq shoiri Po‘lat Mo‘min yozgan. Sanobarning musiqa ustozi G‘ulomjon Ro‘ziboyev “Ustozlar”ga kuy bastalagan.
Cho‘pon qizi Sanobar Rahmonova bolalikdan dala-dasht, qir-adirlarda keng qanot yozib, ulg‘aydi. Otasining kasbi yuzasidan oila bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yashardi. Shu bois bu xonadon farzandlarining maktabi, sinfi va sinfdoshlari tez-tez o‘zgarib turardi. Shunday bo‘lsa-da, oila a’zolari tezda sharoitga moslashib ketardilar. Sanobar otasining “Alpinist” radiosi orqali berilayotgan taronalarni jon-qulog‘i bilan tinglardi. O‘sha paytlarda radiodan tez-tez efirga uzatiladigan “Alla”, “Nayning navosiga,” “O‘zbek qiziman”, “Uch dugona” qo‘shiqlarini yodlab olib, radio bilan baravar kuylardi. Uning ovozi kundan-kunga ochilib, qirlar osha, kengliklar osha uzoq-uzoqlarga yetib boradigan, tabiatning musaffo havosi-yu, nafis epkinlarida sozlanib, tiniqlashib boraverardi.
Sanobar 5-sinfda o‘qib yurgan kezlari musiqa o‘qituvchisi Nosirjon Mirzarahimovning qo‘lida rubob cholg‘usini ko‘rib, uni ushlagisi kelgan. Savol nazari bilan qaragan ustoziga “Chalib tursangiz, “Uch dugona” qo‘shig‘ini aytib beraman” deb rubobni mehr bilan ustoziga uzatgan. Shundan so‘ng Nosirjon aka rubob chalgan va Sanobarga “Tortinma, aytaver” deb dalda bergan. Sanobar ilk marta sinfdoshlari davrasida qo‘shiq kuylagan. Shu damda uning tiniq va jarangli xonishi butun maktab uzra taralgan. Qo‘shiq tinganida esa, atrofi qo‘shni sinflardagi o‘qituvchi va bolalar bilan liq to‘lgan edi. Ular qarsak chalib “Qoyil, ofarin,” deya Sanobarni olqishlashardi. Maktab direktori Mo‘tabar opa Polvonova ham “Barakalla, qizim, hofiz qizalog‘im” deb erkalab qo‘ygan. Shu kundan boshlab san’atni chin dildan sevadigan va tushunadigan musiqa ustozi bu noyob qobiliyatli o‘quvchisi bilan astoydil shug‘ullanib, yangi qo‘shiqlar o‘rgata boshlagan. Nosirjon aka tayyorlagan “Andijonim” qo‘shig‘i o‘sha paytlarda avval tuman, viloyatda, so‘ngra butun respublika bo‘ylab yangragan.
1973-yil 14 yoshli Sanobar Rahmonova Asaka shahrida uyushtirilgan hosil bayramida qatnashadi. Unda o‘sha paytdagi respublika rahbari Sharof Rashidovning o‘zlari ham ishtirok etadilar. Bayramda Sanobar bir juft qo‘shiq kuylab respublika rahbarlarining nazariga tushadi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston televideniyesiga “Asakalik qizchaning qo‘shiqlarini film-konsert qilib xalqqa ko‘rsatsak” degan taklif beriladi. Televideniye rahbari Ubaydulla Burhonov bu vazifani shoir Anvar Isroilov hamda tajribali rejissor Hojimurod Ibragimovga topshiradi.
Film-konsertning suratga olinishi haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida biz hozirgi kunda 80 yoshli boboga aylangan Hojimurod akani izlab topdik. Keling, “Kuyla, Sanobar!” filmi to‘g‘risidagi qiziqarli voqealarni faxriy rejissorning o‘zidan eshitsak:
– Bundan 45 yil avval, topshiriq olganimizdan so‘ng, shoir Anvar Isroilov bilan Andijonga yo‘l oldik. Asakaga borib Sanobar o‘qiydigan maktabning direktoriga uchrashdik. Maktab rahbari nima maqsadda kelganimizni eshitib xursand bo‘lib ketdi va atrofidagilarga Sanobarni chaqirib kelishlarini aytdi. Buni qarang, bizning xabarimizni eshitgan Sanobar hayajonlanganidan, maktabdan qochib ketibdi. Yosh-da, Toshkentdan, televizordan seni izlab kelishibdi, deyishsa cho‘chib ketgan. Direktorning topshirig‘i bilan qizni bir yarim soatda topib kelishdi. Lekin, qancha urinsak ham, hech ashula ayttirolmadik. Shunda musiqa o‘qituvchisi Nosirjon, Sanobarning tumandagi katta ustozi G‘ulomjon Ro‘ziboyevni aytib kelish kerak, deb qoldi. G‘ulomjon aka kelgach, ko‘plashib uni qo‘shiq kuylashga ko‘ndirishdi. Sanobar “Onajonlar, assalom” qo‘shig‘ini shunday chiroyli aytdiki, Anvar ikkimiz turgan joyimizda qotib qoldik. Qo‘shiqni tinglayotib “Bu film-konsert albatta suratga olinadi!” deb bir qarorga kelib bo‘lgandik. Shundan so‘ng hammamiz birgalikda Sanobarlarning uyiga yo‘l oldik. Onasi va xolasi uyda, otasi otarni uzoqroqqa haydab ketgan ekan. Bor gapni onasiga tushuntirdik. Lekin u kishi “Toshkent uzoq, qiz bolani u yerga yuborolmayman” deb qattiq turib oldi. Biz esa, istasangiz, qizingiz bilan birga boring, dedik. Hech ko‘nmadilar. Shu payt xolasi “Mana men birga boraman!” deb qoldi. Ularni Toshkentga olib keldik, bir yarim oy davomida Respublika radiosining ovoz yozish studiyasida bir nechta yangi qo‘shiqlar yozildi. Bir kuni studiyada qo‘shiq yozib bo‘lib yo‘lakka chiqsak, eshik orqasida xalqimizning ardoqli san’atkorlari Berta Davidova, Saodat Qobulova, Kommuna Ismoilovalar turishibdi. “Bu ajoyib ovozli qizchani qayerdan topdingiz?” deb so‘rashdi. Bu – Sanobarning iste’dodiga berilgan yana bir katta baho edi.
Shoirlar Po‘lat Mo‘min, Turob To‘la, Anvar Isroilov so‘zlari, bastakorlar Sayfi Jalil, Eduard Qalandarov, G‘ulomjon Ro‘ziboyev musiqalari bilan film-konsert qo‘shiqlari tayyor bo‘ldi. Yana Andijonga yo‘l oldik. Endi uni suratga olish ishlari boshlandi. Guruhimiz bilan yoshgina qizning qo‘ng‘iroqdek ovoziga, ot ustida dadil yurishlariga qoyil qolgancha ishni qanday yakunlab qo‘yganimizni ham bilmadik. Film-konsertni tabiat qo‘ynida, Andijon istirohat bog‘ida Sanobarning yaqin insonlari, ustozlari davrasida suratga oldik va uning ijodiy faoliyatini to‘liq aks ettirishga harakat qildik. Film tayyor bo‘lib efirga ketgach esa, shaxsan mamlakat rahbari Sharof Rashidovning o‘zi televideniye rahbariga telefon qilib minnatdorlik bildiribdilar.
Film-konsert bir-ikki marta televizorda namoyish etilgandayoq xalqimizning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Qo‘shiqsevar muxlislar uni takror namoyish etishlarini so‘rab O‘zbekiston televideniyesiga qo‘ng‘iroq qilishar, xatlar yozishardi. Sanobarning qo‘shiqlari maktab sahnalarida, konsert-konsert o‘ynayotgan bolalar davrasida, musiqa maktabi va to‘garaklarda tengdoshlari ijrosida yangray boshladi.
13 yoshida mashhur bo‘lgan betakror ovoz sohibasi Sanobar Rahmonova hamisha a’lo baholarga o‘qidi va 1976-yili maktabni oltin medal bilan tamomladi.
Hozirgi kunda Sanobar Rahmonova baxtli oila bekasi, ikki o‘g‘il, ikki qizning mehribon onasi, qator nabiralarning buvisi. Mana bir necha yildirki, u yana qizg‘in ijodga qaytdi. Oradan 46 yil vaqt o‘tdi. Xushovoz xonandaning “Ustozlar” qo‘shig‘i umrboqiy qo‘shiqqa aylandi. “Kuyla, Sanobar!” esa bugun ham uni sog‘ingan muxlislari qalbini xushnud etmoqda.
Zahro HASANOVA