Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Momoning sirli sandig‘i

– Buvijon, buvijon, anavi ona qo‘yni qarang, – dedi shahardan mehmon bo‘lib kelgan besh yashar Olimjon hovlida o‘tlab yurgan sovliqqa qarab. – Qo‘ychasini ham yetaklab olgan! Bizni tishlab olmaydimi?

Nevarasining hayrat va ozgina qo‘rquv aralash pinjiga tiqilganini ko‘rgan Nortosh momo miyig‘ida kulib, Olimning sochlarini siladi.

– Qo‘rqma, bolajonim, qo‘y – yuvosh jonivor, odamni tishlamaydi. Lekin sovliq zoti qo‘zichog‘ini himoya qilish uchun suzishi mumkin.

– Sovliq nima degani, buvijon?

Yetmish ikki yoshli Nortosh momo nevaralarining savollarini hech qachon javobsiz qoldirmagan. Bu gal ham erinmay tushuntiradi:

– Bolali qo‘yni sovliq deyishadi. Xuddi ona ot, ona tuya deb bo‘lmagani kabi, bolalagan qo‘ylarni ham ona qo‘y deb bo‘lmaydi, bo‘talog‘im!

Buvisining bu so‘zlari Olimjonga g‘oyat ajablanarli tuyuladi.

– Buvijon, nega meni bo‘talog‘im, deysiz?

– Chunki sen mening erkatoyimsan-da, qo‘zichog‘im! Suyganimdan shunday deyman.

Buvisi bilan ukasining bu g‘aroyib suhbatini kuzatib turgan Halimaga ham Nortosh momoning gaplari qiziq tuyuladi. U bu yil uchinchi sinfda o‘qiyapti, buvisi uni “dastyor qizim” deb erkalaydi. Nega shunday der ekan-a, mana hozir buning sababini so‘rash fursati keldi...

– Buvijon, nega ona ot deb bo‘lmaydi?

– Chunki tilimizda “baytal”, “biya” degan chiroyli so‘zlar bor. Bu aynan qulunlagan urg‘ochi otlarga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek, ota-bobolarimiz azaldan urg‘ochi tuyalarni moya deb ataganlar. Ularning bolalari esa bo‘taloq deyiladi. Xuddi otning bolasi qulun, toychoq, sigirning bolasi buzoq, echkining bolasi uloq, kiyikniki quralay deyilganidek... Eh, bolajonlarim-a, dunyoda o‘zbek tilidek boy, jozibali til bormikan!

– Buvijon, yana bir narsa so‘rasam maylimi?

– So‘ray qol, dastyor qizim.

– Meni nega dastyor qizim, deysiz? Dastyor nima degani?

– Dastyor degani – esli, aqlli, ishga chaqqon qiz degani. Sen onangga uy ishlarida yordam berasanmi?

– Ha.

– Senday odobli qizlarni dastyor deyishadi, qizim.

– Buvijon, nega sizning ismingiz Nortosh?

Momo Olimjonning bu savoliga kulimsirasa-da, ko‘zlarida qandaydir mung (qayg‘u) seziladi.

– Bu ismni menga rahmatli otam, ya’ni sizlarning katta bobolaringiz qo‘ygan. Aytishlaricha, bolaligimda bilagimda yong‘oqdek norim bo‘lgan, mana, qarasalaring, hozir ham uning ozgina izi qolgan. Shuning uchun ismimda “nor” so‘zi bor. Tosh degani – boshi toshdan bo‘lsin, umri uzoq bo‘lsin, degani. Yaxshi niyat bilan shu ismni qo‘yishgan.

– Buvijon, mening ismimni kim qo‘ygan, Halima nima degani? Olim-chi?..

– Halima – yumshoqko‘ngil, yumshoqfe’lli, yaxshi qiz degani. Bu ismni o‘zim qo‘yganman. Olim – ilmli degan ma’noni bildiradi. Bu ismni o‘g‘lim bilimdon, zukko bo‘lsin, deb otangiz qo‘ygan. Bu ismlarda xosiyat ko‘p. Hozir odamlar ismlarning ma’nosiga emas, ko‘proq jarangiga qarab qo‘yishyapti. Bu – noto‘g‘ri. So‘zlarda ham shunday. Ularni jimjimasiga emas, ma’nosiga qarab qo‘llashimiz kerak. Ba’zi boyaqishlar, chiroyli gapiraman deb, g‘aliz jumla tuzib qo‘yganini o‘zlari sezmaydi...

Nortosh momo kuyinib gapirar ekan, Halima u kishi ishlatayotgan so‘zlarning ma’nosini chaqishga urinadi.

“Bu ismlarda xosiyat ko‘p” dedilarmi? “Xosiyat” nima degani ekan? “Jimjima”, “boyaqish”, “g‘aliz”... Qiziq so‘zlar ekan!

Ertaga shaharga qaytishsin, maktabga borib, birinchi qilgan ishi – buvisi ishlatgan so‘zlarning ma’nosini ustozi Gulnora opadan so‘rash bo‘ladi...

Shularni xayol qilar ekan, Halimaning ko‘ngli yorishib ketdi. Qanday ajoyib buvisi bor-a! U kishini sog‘inganda, dadasining: “Men – dunyodagi eng boy odamman. Chunki mening onajonim bor!” degan gaplari yodiga tushdi. Endi bildi: u bilan ukasi Olimjon dunyodagi eng badavlat bolalar ekan. Axir ularning shunday qimmatbaho xazina – so‘z boyligiga ega buvijonlari bor-da!

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.