Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tezkor davr talablari

Yurtimizda katta o‘zgarish va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Har kuni bir muhim yangilik, har kuni yangi qaror va farmonlar e’lon qilinmoqda. Bularning hammasi ona diyorimizning gullab-yashnashi, siz bolalarning yorug‘ kelajagingiz yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlardir.

1-oktabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar bayramini katta tantana bilan nishonladik. Shu munosabat bilan Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigida quyidagi samimiy so‘zlarni tingladik:

“Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.

Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoyi kasb egalaridir...”

Darhaqiqat, o‘qituvchi va murabbiylar tufayli siz bolalarning iste’dodingiz tarbiya topmoqda. Ularning g‘amxo‘rligi bois ijodiy ishlaringiz gazeta va jurnallarda chop etilmoqda. Fursatdan foydalanib, hamisha biz bilan xat orqali, telefon orqali muloqotda bo‘lib kelayotgan jonkuyar, fidoyi, faol ustozlarni bayram bilan alohida muborakbod etamiz. Ularga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz. O‘ylaymanki, bundan buyon ham ijodkor bolalar tarbiyasidagi hamkorligimiz davom etadi.

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev shu yil 19-sentabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning 72-sessiyasida ishtirok etib qaytdi. Prezidentimiz unda BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilishi bo‘yicha takliflari barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Keling, shular haqidagi satrlarni siz ham o‘qib, mulohaza qilib ko‘ring. “Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda yoshlarning ong-u tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz”.

Shuningdek, Prezidentimiz ushbu sessiyada yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi, katta ilmiy, ma’naviy merosi haqida aytilgan fikrlari sessiya ishtirokchilari hamda dunyo hamjamiyati tomonidan qizg‘in ma’qullandi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun tezkor axborot asrida hech biringiz bo‘sh vaqtingizni bekor o‘tkazmay, yurtimizdagi yangiliklardan, hayotingizga, o‘qib-o‘rganishingizga, kelajagingizga daxldor bo‘lgan axborotlardan xabardor bo‘lib turishingiz zarur. Chunki “Bolalikda olingan bilim – toshga o‘yilgan naqshdir”, deb bejiz aytilmagan.

 

Bosh muharrir

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.