Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktab - mening hayotim

Har bir kishining  tanlagan kasbi  uning hayot mazmunini belgilaydi. Odatda kasbni har kim har xil – kimdir ota-onasi xohishiga qarab, yana kimdir  kimgadir  havas qilib, kimdir kasbning  davr uchun dolzarbligi, yana  birov  esa  o‘z qiziqishi  va  layoqatiga  qarab tanlaydi. Odamda qiziqish  va  layoqatiga qarab  tanlangan kasb muvaffaqiyatli bo‘ladi.  Bunday   kasb o‘z   egasini  ulug‘laydi, unga shuhrat  keltiradi.

Ana  shunday  tanlagan kasbidan baxt top­ganlardan biri Yashnobod  tumanidagi 61-maktabning  boshlang‘ich sinf o‘qi­­­­tuvchisi  Natalya Ryabenkodir.  Na­­talya Borisovna salkam  el­lik  yildan buyon maktab  os­­­­tonasiga  bir  olam hay­rat  bilan kirib kel­gan jaj­­ji  o‘g‘il-qiz­lar­­ga  na­faqat us­­toz, o‘rni  kelganda  mehribon  ona bo‘lib  ham ta’lim, ham tarbiya bermoqda.  U har bir voqea, hodisadan mo‘jiza axtargan o‘quvchisiga yaqin do‘st, sirdosh bo‘la oldi. Chunki ona­sidek  mehribon bo‘lgan  boshlang‘ich  sinf   o‘qi­tuvchisining  sehrli  ovozi, samimiy  nigohi qizaloq  qalbida  shu  kasbga  ishtiyoq, mehr  bo‘lib  o‘rnashgandi. Ana  shu mehr  uning  umr  yo‘llarini  mayoqdek  yoritib  turdi.

Natalya  Borisovna  Turkmanistonning  Chorjo‘y  shahrida harbiy  zobit  oilasida tug‘ilgan. Otasining kasb taqozosi  sabab tez-tez  yashash  manzillari  o‘zgarib  turardi. Shu  tufayli Natalya ham  turli  maktablarda  o‘qishga  majbur  bo‘ldi. U  o‘rta  maktabni  Buxoro  shahrida  tugatdi. Dilidagi  orzusi  uni Pedagogika institutiga yetakladi. Institutning  rus tili  va  adabiyoti  fakultetini   muvaffaqiyatli  tugatib,  “pedagog”  degan qutlug‘ nomga sazovor  bo‘lgan  Natalya Borisovna Buxorodagi 30-maktabda ish boshladi. Ustozlardan bolalarga til o‘rgatish borasida maslahat, yo‘l-yo‘riqlar oldi. “Ruscha  so‘zlashamiz”  nomli  to‘garak tashkil  qildi. O‘qituvchining  mahorati, shirin  muomalasi  sabab  to‘garakka  qiziqish kuchaydi. Bolalardagi ishtiyoq Natalya Borisovnaga  g‘ayrat, kuch-quvvat  berardi. Yosh  pedagogning bolalarga  mehrini sezgan ota-onalarning  ham, jamoaning ham unga  hurmati, bolalarning esa  rus tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqishi   oshdi.

Natalya Borisovna dars  jarayonida  har bir o‘quvchini    faol bo‘lishga  undaydi.   Sinfda uch qator parta terilgan. Har bir  darsda javob berish qatorlarning birinchi partasidan boshlanib, oxiriga qarab ketadi. Xuddi shun­day  jarayon  keyingi  mashg‘ulotlarda ham davom etadi. Bu usul har bir o‘quvchini darsda  bir necha bor ishtirok etishiga imkon beradi. Bola  hamisha e’tiborda bo‘ladi. Bu esa uning  rus  tilidagi  og‘zaki  nutqini  o‘stiradi, mavzulardan  xabardor qilib boradi. Odatda, ota-onalar bolasining birinchi qatorda o‘tirishini istaydi. Ular ham o‘zicha haq. Chunki  orqa  qatordagilar  darsni unchalik  berilib  tinglamaydi.  Novator ustoz bunday   kamchilikni bartaraf qilishning  yo‘lini topdi. Bolalar partalar bo‘yicha har kuni orqa tarafga siljiydigan  bo‘lishdi. Bu usulda  orqa qatordagilar  oldinga o‘tib borishadi. Demak, bolalar hafta davomida qatordagi barcha partalarni aylanib chiqadi. Bu – o‘quvchilar faollashadi, hech bir o‘quvchi e’tibordan chetda qolmaydi, degani edi.

Ushbu tashabbus keng  qanot yozdi. Natalya Borisovna nafaqat maktabning, balki butun shaharning eng obro‘li, tajribali o‘qituvchisiga aylandi. Ota-onalar farzandlarini shu maktabda  o‘qishini orzu qiladigan bo‘ldi. “Mehnat qilgan – elda aziz”, deganlari shu bo‘lsa kerak.

Yillar  yeldek yelib o‘tdi. Ustoz – pedagog  oilaviy  sharoit tufayli  Toshkentga ko‘chib keldi. Pedagogik faoliyatini Yashnobod  tumanidagi 61-maktabda  davom  ettirdi. Shu voqeaga ham salkam yigirma yil bo‘libdi. Mana shu ikki maktabdagi faoliyat uning  umr mazmuniga aylangan. Garchi yetmish yosh ostonasidan allaqachon xatlab o‘tgan bo‘lsa-da, u hamon safda. Bo‘sh vaqt topdi deguncha  o‘quvchining  mavzuga  qiziqishini  orttirishda eng qulay omil  deb hisoblagani  –  ko‘rgazmali qurollar yasashga kirishadi. Opa  mehnatini qadrlagan, uning tajriba va malakasiga suyangan maktab jamoasi  ustozni  qo‘lidan  mahkam tutgan.     

Natalya Borisovna har tong odatdagidek soat yettidan o‘ttiz daqiqa o‘tganda sinfga kirib keladi. Tayyorlab kelgan ko‘rgazmalarini o‘rniga qo‘yadi, sinfxonasini shamollatib, o‘quvchilarini kutadi. Bolajonlar, bilimga  tashna  nabira  shogirdlarni  sinfda  jilmayib qarshi  olish  uning uchun ulkan quvonch va  iftixor. Opa  bolalarga nafaqat sinfning, balki  ziyo,  bilim, tafakkur olamining  sehrli eshiklarini ochar ekan, bolalar  bu  eshikdan bugungi qaynoq  hayot  nafasini, kelajakka ishonch  zavqini olib kirishadi. Ustoz  yillar  davomida qadrdoniga aylangan, qulog‘iga  musiqaday yoqimli eshitiladigan maktab qo‘ng‘irog‘i jarangi ostida, mana mening hayotim mazmuni, mana mening baxtim, deya  sevimli  mashg‘ulotini boshlaydi.

 

Rashid  RAUPOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.