Maktabda
(Adibning sinfdoshi Akmal Ikromov hikoyasi)
Mening otam savdo bilan shug‘ullanardi. 1906-yil bo‘lsa kerak, bo‘sh yotgan bolaxonalik tashqari hovlimizda (yiliga ming so‘m ijara to‘lash, uy ta’mirini o‘zimiz qilib berish sharti bilan) yerli xalq bolalari uchun “Russko-tuzemnaya shkola” (rus taqlididagi boshlang‘ich maktab) ochildi. Ochilish marosimiga Toshkent general-gubernatori Samsonov qatnashdi. Maktab ochildi-yu, talaba yig‘ish oson bo‘lmadi. “O‘ris bo‘lib ketadi”, deb ko‘p ota-onalar bolasini bizning maktabga yubormas, yuborganlarni “o‘g‘lingni o‘ris qilmoqchimisan”, deb koyishar, aynatishar edi. Shu sababli maktabimizda dastlabki yillarda talabalar juda oz, borlari ham biri kelib, biri ketib, tez-tez o‘zgarib turar edi. Ikkinchi yoqdan mahalladagilar, “Uyida o‘ris maktab ochib berdi”, deb dadamdan xafa bo‘lishar edi. Maktabimiz to‘rt yil muddatli bo‘lib, ikkitagina o‘qituvchimiz bor edi. Biri Alijon ismli domla bo‘lib, bu kishi diniy darslar, tajvid (Qur’onni o‘qish qoidalari), fors tili va husnixat o‘rgatar edi. Ikkinchisi, Leonid Dmitriyevich Pudovkin ismli domla edi, u rus tili qoidasi, so‘zlash, husnixat va ilmi hisob o‘rgatar edi. Maktabning asosiy vazifasi yerli xalqlardan ruscha yozuv-chizuvni biluvchi, fasih (ritorik) so‘zlasha oluvchi prikazchik (boylar do‘konida savdo qilish uchun) va tarjimon idora xodimlari yetishtirib chiqarish edi. Abdulla ikkimiz bir partada to‘rt yil o‘tirib, muntazam ilm oldik. U vaqtlarda men Abdullaning yozuvchilikka bo‘lgan havasini, qobiliyatini payqamaganman. Ammo Abdulla darslarda ilg‘or va yoshlikdan mehnatkash edi. U o‘qishdan bo‘shagan va ta’til kezlarida qarib qolgan otasi yonida bog‘ ishlariga qarashar, Rahimberdi akasi bilan vassa (kichik tayoqcha)bozoriga tushib, toqi yo‘nishar edi. Ba’zan dars chog‘ida u “buni qara, Akmal”, deb mehnatdan qavarib, qadoq bo‘lib ketgan qo‘llarini menga ko‘rsatar edi.
1912-yil ko‘klamida faqat ikkimiz birinchi bo‘lib maktabni tugatdik. Xadradagi (sobiq Hamza teatri qarshisidagi bir boyning hovlisida) “1-son russkotuzemnaya shkola”ga borib, imtihon topshirdik. Imtihon chog‘ida general Samsonov ishtirok etdi va imtihonlarni a’lo darajada topshirganimiz uchun ikkimizga ham mukofot – bittadan kumush soat berildi...