Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maqsad sari harakat – muvaffaqqiyatning boshlanishi  

Bu oila farzandlarining ko‘pchilik havas qilsa arzigulik yutuqlari bor. Chunki ular vaqtni behuda o‘tkazmay maqsad sari intilishni, o‘z ustida ishlashni kundalik hayot tarziga aylantirishgan.

Prezident maktabi tashkil etilgan kezlari Faxrinur va Abdulloh Jo‘rayevlar o‘zlarini sinab ko‘rishga qaror qilishdi. Ota-onalari Abdulhay aka va Nargiza opa ularga bilim olish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilishdi va natijada opa-uka bir yilda mazkur dargohga o‘qishga qabul qilindi. O‘qish davomida  bolalar ko‘plab muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. Xususan, Faxrinur 2019-yili Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan an’anaviy tarzda dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan “Math League” matematika ligasida faxrli o‘ringa munosib deb topildi.  2022-yil IELTS imtihonidan 8.0 ballik natijani qo‘lga kiritdi. 2022-2023-o‘quv yilida Gyote-Institutining “Germaniya universitetlariga ko‘prik” ta’lim dasturini muvaffaqiyatli tamomladi. 2023-yil TestAS (universitetda tahsil olish uchun intellektual jihatdan tayyorgarlik darajasini aniqlab beruvchi standartlashgan imtihon) hamda TestDaF (nemis tili bo‘yicha xalqaro imtihon) imtihonini muvaffaqiyatli topshirdi.

2023-yil Turkiyaning Gazi universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi. Shu bilan birga Nyu-York Universitetiga $204000 lik grantni yutib oldi hamda Germaniyaning TUM (Myunhen Texnika universiteti) tibbiyot fakulteti va Germaniyaning “Heidelberg” universiteti tibbiyot fakultetiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Faxrinur uchun tanlovda imkoniyatlar ko‘p edi. U ota-onasi bilan kelishgan holda boshqa grantlardan voz kechdi va Germaniyaning “Heidelberg” universitetida ta’lim olishga qaror qildi hamda ta’lim olishni davom ettirish uchun Germaniyaga jo‘nab ketdi.

Abdulloh shaxmat musobaqalari shahar va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.  U ham opasi singari 2022-yil “Math League” xalqaro matematika olimpiadasining respublika bosqichida kumush medal sohibi bo‘ldi. 2023-yil xalqaro “STEMCO” olimpiadasida fizika fanidan oltin medalni, matematika va kimyo fanidan kumush medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 2022-yilda “Immurse Education” xalqaro insholar tanlovida grant sohibi bo‘ldi. 2023-yilda “Climate Science” xalqaro olimpiadasida yarim final ishtirokchisiga aylandi. U Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Kelgusida shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.  

Oilaning kenja farzandi Anisanur ham qobiliyatli qiz. U “Khiso” olimpiadalar maktabi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab, 30 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritgan. Anisanur o‘tgan yili “Al-Beruniy International School” xalqaro maktabiga grant yutib, o‘qishga qabul qilindi. Ammo opasi va akasiga havas qilib, Prezident maktabida o‘qishga ahd qildi va tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Mehnati samara berib, shu yil ushbu ta’lim maskanining 5-sinfiga qabul qilindi.

– O‘zim ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganim bois farzandlarimga bolalikdanoq ingliz tilini mukammal o‘rgatishga harakat qilganman, – deydi Nargiza opa Jo‘rayeva. 

– Ular ingliz tilida xuddi o‘zlarining ona tilida erkin so‘zlashgandek so‘zlasha oladi. Keyin boshlang‘ich sinfdaligidayoq har biriga qo‘shimcha xorij tilini o‘rganish talabini qo‘yganmiz. Hozir uchala farzandimiz ham ingliz, nemis va turk tilini mukammal biladi.  Bu tillarda   bemalol muloqotga kirisha oladi.  

Oilamizda yaxshi an’ana bor. Biz har oylik daromadimizdan kitob xarid qilamiz. Uyimizda boshqa ko‘pchilik xonadonlarda bo‘lgani ka­bi kiyim-kechak yoki jimjimador idishlar taxlab qo‘yiladigan chiroyli mebellar yo‘q. Har bir xonada kitob javonlari bor. Hatto, u yerdagi barcha kitoblarda oilamizga tegishli bo‘lgan muhr bosilgan.  

Bolalarimni kitobga qiziqtirish uchun, avvalo, biror qiziqarli adabiyotni o‘zim o‘qib chiqaman. Dasturxon atrofiga hamma jam bo‘lganida o‘sha kitob haqida so‘zlay boshlayman. Eng qiziq joyiga kelganida kitob haqida fikrlarimni to‘xtataman va yaxshisi o‘zingiz o‘qib chiqa qoling, ketgan vaqtingizga aslo achinmaysiz, deya taklif beraman. Keyin shu kitobni birgalikda muhokama qilamiz.

Bir narsaga alohida to‘xtalib o‘tishim lozim. Do‘st-dugonalar, qarindosh-urug‘lar dav­ra­sida meni hayratga soladigan bir holatga doim e’tibor beraman. Ularning ko‘pchiligi farzandining telefonga mukkasidan ketganligini aytib nolishadi. Internet orqali yoshlarga qilinayotgan hujumlardan saqlanish va ehtiyot bo‘lish lozimligini gapirib, o‘zlaricha chora izlaydi.  Lekin amalda aksincha. Aksariyati yoniga kelib, injiqlik qilgan bolasining qo‘liga telefon beradi va  meni boshqa bezovta qilma, deya tanbeh berib, farzandini o‘zidan nari qilishga harakat qilishadi.

Uchala farzandimiz ham telefonga mutlaqo qiziqmaydi. Biz bu borada ularga birorta shart qo‘ymaganmiz.  Shunchaki, ularda bo‘sh vaqt yo‘q. Ular uchun yonida turgan telefonning hech qanaqa ahamiyati yo‘q.

Farzandlarimga har bir so‘zimni ehti­yot­korlik bilan ishlataman.  Ularga deyarli ta­qiq qo‘ymayman.  Aksincha, bolada bitta yo‘­nalishga qiziqish darhol paydo bo‘lmasligiga amin bo‘lganmiz. Ular o‘zlariga qiziq tuyulgan yo‘nalishda yangi ko‘nikma olish uchun o‘zini sinab ko‘rgisi keladi. Misol uchun, qizim avvaliga shaxmatga qiziqa boshlagan. Uni shaxmat to‘garagiga berganmiz. Ma’lum muddat o‘tganidan so‘ng, u “shaxmat men uchun emas ekan”, de­ya sportning bu turi bilan shug‘ullanishdan voz kech­gan. Biz shunchaki, u o‘zidagi xohishni anglay olishiga yordam berdik. Bosh­qalar kabi bizda ham muammolar, past-ba­land­liklar bo‘lgan. Bolalar voyaga yetayotgan kezlari chiroyli, oxirgi “moda”dagi liboslarni kiyishga qiziqish, darslariga e’tiborsiz bo‘­lish, ayni balog‘at osto­nasidagi o‘zgarishlar... Bu vaqtda ularga yaqin o‘rtoq,  sirdosh bo‘lish foyda beradi. Ayniqsa, ular voyaga yetgani sari qizimga men, o‘g‘limga dadasi yaqin bo‘lishga uringanmiz.  

Mendan ko‘pchilik “Far­zandlaringiz o‘qish­dan be­zib qolishmaydimi?”, de­ya so‘rashadi. Bolalar tar­biyasiga oid o‘qigan ki­toblarimning birida “O‘qish rohat olish bilan es­lanishi lozim” degan fikrlar e’ti­borimni tortgan.  Bolalarga shuni tu­shun­ti­rishga harakat qilganmiz.

Qizim Faxrinur Germaniyada ta’limni davom ettirish uchun topshiriladigan ijodiy imtihonlarning birida “Ta’lim olish men uchun mehnat emas. Aksincha, o‘qish, izlanish menga juda katta zavq beradi”, deya fikr bildirgan va uning aynan shu qarashlari yuqori baholangan. Ularni hech qachon hech bir ishga majburlamaganmiz. Birinchi o‘rinda o‘zlarining xohishlariga quloq tutamiz.  

Tarbiyaning natijasi uzoq yillar ko‘rinmaydi. Bu ko‘p vaqt kutiladigan jarayondir. Ammo bugun farzandlarimizning yutuqlarini ko‘rib, quvonyapmiz, faxrlanyapmiz.

Bu bolalarning kelgusidagi rejalari bir talay, orzulari cheksiz.  

Xulosa shuki, ertangi kuningizning mu­vaffaqiyatli bo‘lishi bugun vaqtdan qanchalik unumli foydalanayotganingizga, maqsad sari harakatingizga bog‘liq.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA

yozib oldi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.