Mehr va eʼzoz bayrami
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 34-maktabda “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ga bagʻishlangan adabiy kecha boʻlib oʻtdi. Uni maktab direktori Feruza Azimova ochib, ustoz va murabbiylarimizning dunyo tamadduniga va kelajak poydevoriga qoʻshayotgan bemisl xizmatlari haqida gapirdi. Soʻng maktabning barcha ustozlari, shuningdek, ushbu dargohda koʻp yillar davomida rahbarlik qilgan, hozirgi kunda nafaqada boʻlgan Nazira opa Maqsudovaga Toshkent shahar Xalq taʼlimi boshqarmasining Faxriy yorliq va sovgʻalari topshirildi.
Tadbirda Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali drama teatrining direktor oʻrinbosari, isteʼdodli aktyor Xayrulla Inogʻomov ijro etgan monologlar taʼsirida butun zal sukutga choʻmdi. Xushovoz xonanda Umar Shamsiyevning shoʻx qoʻshiqlari esa barcha ustozlarni raqsga chorladi.
Oʻquvchilarning bir-biridan qiziqarli chiqishlari – sheʼrlar oʻqib, qoʻshiq aytishlari, oʻzbek va boshqa millat raqslarini mahorat bilan ijro etishlari bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, oʻquvchilarning tadbir davomida zalda oʻtirib, oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan bejirim sovgʻalari ustozlar koʻnglini togʻdek koʻtardi. Tadbir haqiqiy mehr-oqibat, eʼzoz bayramiga aylanib ketdi.
Nilufar JABBOROVA