Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zindonak

Har tong uygʻonib tashqariga chiqqanimda, koʻz oldimda butun salobati bilan Ketmonchopti togʻi namoyon boʻladi. Togʻni zavq bilan kuzataman, baland qoyalar bagʻridan taralayotgan buyuklik qudrati goʻyo menga kuch-quvvat, tetiklik bergandek boʻladi. Bir togʻlik moʻysafid aytganidek, bir umr togʻlarga qarab talpindik, togʻlarga boqib aslo toliqmadik. Shu talpinish, ilhaqlik bizni oxir-oqibat hayotning katta va sinovli yoʻliga olib chiqdi...

Ketmonchopti togʻi sir-sinoatlarga boy. Undagi gʻorlar, kamarlar, qoyalar, koʻl va buloqlar haqida koʻplab rivoyatlar, afsonalar mavjud. Togʻ bagʻridagi Zindonak gʻori tilsimli gʻor. Zindon soʻzi – qadimda mahbuslar saqlanadigan yer ostidagi zax va qorongʻi qamoqxona maʼnosini anglatadi. Koʻproq qasr va qalʼalar ostida konussimon quduq shaklida qazilgan. Bu gʻor ham quduq singari yer ostiga tik tushgani sababli shu nomni olgan.

Oʻtgan asrning 70–80-yillarida tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli “Yosh sayyohlar” stansiyasi faoliyat koʻrsatardi. Bu tashkilot yuqori sinf oʻquvchilari bilan oʻlkani oʻrganish boʻyicha sayohatlar uyushtirardi. Albatta, bu stansiyada sayohat uchun maxsus jihozlar, palatkalar, hatto uzoqdan kelgan sayyohlar uchun yotoqxona ham mavjud edi.

Rossiyaning Sverdlovsk shahri gʻorshunoslarning ilmiy-amaliy markazi edi. Bu markazda Ittifoq va dunyodagi eng mashhur gʻorlar oʻrganilar, yangi yer osti “saltanatlari” kashf qilinardi. Gʻorshunoslar Boysun togʻlarining hech kim oʻrganmagan gʻorlari haqida maʼlumotga ega edilar. Xullas, 1984-yildan boshlab gʻorshunoslarning Boysuntogʻ yoʻnalishi ochildi. Ularning bir guruhi Boysundagi “Yosh sayyohlar” stansiyasiga kelib joylashdi. Bir necha kunlik tayyorgarlikdan soʻng ular dastlab shaharga yaqin boʻlgan “Ketmonchopti” qoyasidagi Zindonak gʻorini oʻrganishga kirishishdi. Inson qadami yetmagan vertikal yoʻnalishdagi bu sirli gʻorga tushishning oʻzi katta jismoniy kuch, favqulodda holatlarga tayyor turishni talab qilardi. Gʻorning juda sovuqligi yetmagandek vahimali tovushlarga ham toʻla edi. Jasur, irodali, tajribali gʻorshunoslar ikki guruhga boʻlinib gʻorni oʻrganishni boshlashdi. Gʻorshunoslar pishiq arqonlar yordamida asta-sekin chuqurga tushayotib yon tomondan pastga sharillab oqayotgan kuchli suv oqimiga duch kelishdi. Tevarak muz bilan qoplangan, muzni oʻyib oyoq qoʻyadigan zinalar yasab pastlay boshlashdi. 50 metr pastga tushgandan soʻng ostonaga duch kelishdi. Gʻorshunoslarning maqsadi, tepadan tushayotgan suv qayerga oqayotganini oʻrganish edi. Chunki gʻor suvining Xoʻjamayxonadan yer yuziga oqib chiqayotgani taxmin qilinadi. Ehtiyotsizlik oqibatida muzlagan devorga qoqilgan qoziq chiqib ketib gʻorshunoslardan biri halok boʻldi. Gʻorshunoslar harakatni toʻxtatdilar, jasadni tepaga mashaqqat bilan olib chiqishdi. Shundan soʻng hech bir gʻorshunos Zindonakka qaytib tushmadi.

Zindon nomi bilan bogʻliq yana bir tilsimli makon Qayroq qishlogʻida joylashgan. Boysun shahri markazidan 18 km olisda joylashgan qishloq oʻzining osmonoʻpar togʻlari, shifobaxsh buloqlari, archazorlari bilan mashhur. Qayroqqa borish uchun Padang qishlogʻidan Haydarbuloq tepaligi boʻylab koʻtarilib, archamozordan oʻtish kerak. Men koʻp marta bu qishloqqa piyoda borganman. Qishloqdagi har bir soʻqmoq, har bir buloq, doʻng va qirlar menga tanish. Qadimda poyonsiz archazorlar orasida qaysidir bekning zindoni boʻlgan deyishadi. Bu zindon qaysi zamonda boʻlgan, hech kim bilmaydi. Isboti shundaki, zindon boʻlgan joy choʻkib pastqamlik hosil qilgan. Oʻta xushmanzara bu makonda turli-tuman giyohlar oʻsadi. Bu manzilni tilsimli deyilishiga sabab – uning shifobaxsh havosi. Chunki bu havodan toʻyib nafas olgan kishining yoʻtali oʻz-oʻzidan yoʻqoladi. Surunkali yoʻtalib, dori taʼsir qilmay qolgan yosh bolalarning tomoq ogʻrigʻi butunlay tuzalib ketadi. Omonxonalik Hamro bobo shunday hikoya qilgan edi:

– Yoshligimda otam qishlogʻimizdagi yoʻtalga yoʻliqqan bolalarni toʻplab, Qayroqdagi Zindon tepaga olib borardi. Bemorlar shu tariqa tuzalib ketardi.

Bu sirning izohini hech kim taʼriflab bera olmaydi. Turli giyohlar va archalarning muattar boʻyi aralashgan musaffo havo tufaylidir, balki. Bu ham tabiatning biz bilmagan moʻjizalaridan ekanligi, aniq.

 

Ochil TOSHQULOV,

Surxondaryo viloyati Boysun tumani

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.