Ustozlar, sizga taʼzim
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 106-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatda 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiy kecha ana shunday nomlandi. Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari Munisa Qodirova hamda Barno Abdunabiyeva olib borgan bayram tadbirida qatnashgan oʻquvchilar dil soʻzlari, yodlagan sheʼrlari orqali xuddi oʻz ota-onalaridek mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatayotgan ustozlariga minnatdorlik bildirishdi. Toshkent davlat konservatoriyasi dutorchi qizlar ansambli, maktab-internatning “Koʻzmunchoq” raqs dastasi ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, quvnoq raqslarni tadbir ishtirokchilari miriqib tomosha qilishdi. Bayramga mehmon boʻlib kelgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Gulxan” jurnali xodimi M. Hamidova fidoyi pedagoglar jamoasi shogirdlariga bilim beribgina qolmay, ularda matonat, iroda, oʻziga ishonch tuygʻularini ham shakllantirishni alohida taʼkidladi.
Tadbir soʻnggida maktab-internat direktori Aʼzamjon Eshmonov bir guruh oʻqituvchi – tarbiyachilarga bayram sovgʻalari topshirdi.
Oʻz muxbirimiz