Shabada elektr stansiyasi
“Elektrotexnik ishlar” toʻgaragiga qatnashni boshlagan birinchi kunlarimdanoq butun xayolimni qayta tiklanuvchan muqobil elektr toʻk manbalari va ulardan amaliyotda foydalanish masalasi aylanardi. Chunki har yili erta bahordan to kech kuzgacha oila aʼzolarimiz bilan birgalikda dalada chayla qurib yashaymiz, u yerda esa har doim ham elektr toki boʻlavermaydi. Bu ham kamlik qilgandek, baʼzida esadigan shabada sham, chiroqlarni oʻchirib qoʻyadi.
Toʻgarakda olib borgan izlanishlarim zoye ketmadi. Dastlab “Mobil mikroGES” loyihasini yaratdim. Dala sharoitlarida kichik oqova suvlarida ham ishga tushadigan mikroGES dehqonlarga juda maʼqul keldi. Unga “Chayla GES” deb nom qoʻyib olishdi. Lekin shunga qaramay mening koʻnglim bir narsadan toʻlmas edi. U ham boʻlsa, ayrim dehqonlarning dala shiyponlari oqova suvlaridan ancha uzoqda. U ham baʼzan ikki-uch kunlar toʻxtab qolar edi. Bunday holatlar mikroGESlarni ishlatishda muammo keltirib chiqarardi. Men shamol energiyasidan foydalanishni afzal bildim. Afsuski, elektr stansiyalarni ishga tushurish uchun kuchli shamol kerak, deb oʻylardim. Bir kuni dalada elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilgan ventilyator parraklari oʻz-oʻzidan aylanyotganini koʻrib qoldim. Qayta-qayta kuzatishlar asosida ventilyatorni bilinar-bilinmas esayotgan shabada aylantirayotganini bilib oldim-da, oldindan yigʻib yurgan generatorlarning birini olib uning oʻqiga ventilyator parragini oʻrnatdim va uni shabada yoʻliga tutdim. Hech qanday natija boʻlmadi. Generator oʻqi meni masxara qilayotgandek miq etmadi. Ammo, parrakni ventilyatorga qoʻysam, uning oʻqi katta tezlik bilan aylandi. Toʻgarak rahbarim “Kam quvvatli, yengil aylanadigan koʻp qutbli magnitga ega boʻlgan generator topib tajribangni qaytadan sinab koʻrgin”, dedi. Izlab-izlab koʻp qutbli “Shagovoy dvigatel”ni topdim. U men izlagan generator oʻrnini bosa olar ekan. Bu generator oʻqiga ham ventilyator parragini oʻrnatib, shamol yoʻliga tutsam, natija bermadi. Demak, “Generator parragini imkoni boricha yengil va katta radiyusli qilib tayyorlash kerak”. Buning uchun yaroqsiz holga kelib qolgan ventilyatorlarning katta parraklaridan topib generatorga qoʻydim. Hayriyat, generator oʻqi yengil shabadada ham men oʻylagandek katta tezlik bilan aylandi! Bu kichik elektr stansiyasi shamol elektr stansiyasining chinakamiga ishlaydigan modeli boʻlsa-da uni ishga tushirish uchun mayin shabada ham yetarli boʻldi. Shu sababli bu ixtiromni “Shabada elektr stansiyasi” deb nomladim. Ammo, yana bir muammoga duch keldim. Biz oʻylagan va kuzatgan tungi shabada tez-tez tezligini oʻzgartirib turar ekan. Shabada kuchli boʻlgan vaqtdagina generator tez aylanib katta tok berar, aks holda lampochkalar lipillab qolar ekan. Bunday holatni oldini olish uchun 3V kuchlanishda ishlaydigan lampochkalar uchun 12V kuchlanish beradigan generator oʻrnatilsa, u sekin aylangan vaqtlarda ham 3V li lampochka yorugʻ yonar ekan. Generator oʻqi katta tezlik bilan aylangan vaqtda esa tarmoqdagi kuchlanish oshib ketmasligi uchun elektr tarmogʻiga kichik “stablitron” ulab qoʻysak, bu “stablitron” tarmoqdagi kuchlanish 10V, 12V ga yetsa, hattoki undan oshib ketgan vaqtda ham lampochkalarni faqat 3V kuchlanish bilan taʼminlab turar ekan.
Kundalik kuzatish va tajribalar asosida bunday holatlarning yana bir yaxshi yechimini topishga muyassar boʻldik. Agar 12V kuchlanish beradigan (TYPe 23RM-G602–01.12V PHASe markali ) generator tarmogʻiga 50V quvvatga ega boʻlgan (7B10 tipidagi) svetodiodli lampochkalardan qoʻyilsa, stablitronsiz ham yuqoridagi natijaga erishish mumkin. Yaʼni lampochka bir xilda yorugʻlik beraverar ekan.
Maftuna YOʻLDOSHEVA,
Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi
28-maktabning 10-sinf oʻquvchisi