Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Onam – faxrim

Onajonim Jonibek Tojieva Xiva shahridagi Pedagogika bilim yurtini tugatib, oʻzi oʻqigan maktabga ishga boradi. Ustozlari bilan bir safda oʻqituvchilik faoliyatini boshlaydi.

Onamning aytishlaricha, maktab ilmiy boʻlim mudiri har oyda oʻquvchilarning bilimi, darslarni oʻzlashtirishini baholab borar ekan. Navbatdagi tekshiruvlarning birida onamning sinfida ikki nafar, sheriginikida esa yetti nafar oʻquvchi darslarni oʻzlashtirmayotgani aniqlanadi. Ilmiy mudir oʻquvchilarni harf taniydi-tanimaydi, harflab oʻqiydi-oʻqiyolmaydi, boʻgʻinlab oʻqiydi, ravon oʻqiydi, degan xulosalar bilan majlis oʻtkazadi. Shunda maktab rahbari oliy maʼlumotli oʻqituvchidan:

– Nega sinfni orqaga tortayotgan oʻquvchilar sizning sinfingizda koʻp? – deb soʻrabdi. U javob berolmay yerga qarabdi. – Ha, demak gap maʼlumotda emas. Ish natijasi oʻz kasbingizni, bolalarni qay darajada sevishingizga bogʻliq ekan. Oʻqish, oʻrganish, izlanishdan toʻxtamaslik kerak, – debdi direktor.

Onam yillar oʻtib, biz olti nafar farzand – 4 oʻgʻil, 2 qizni ulgʻaytirgandan keyingina institutda oʻqib, oliy maʼlumotli boʻldi.

– Shogirdlarim hozirda oʻz kasbidan kamol topib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotganidan faxrlanaman. 1960-yillar edi. Maktabimizga toʻrtta 1-sinfga oʻquvchilar qabul qilindi. Yangi oʻquv yili boshlanganiga 15 kunlar boʻlib qolgandi. Qizchasini qoʻlidan yetaklagan bir ayol 1-sinf eshigini taqillatib, bolasini oʻqishga qabul qilishni iltimos qildi. Ular qishloqdan yaqinda koʻchib kelishgan ekan. Qizchani oʻtgan darslarini takrorlab, sinfdoshlariga yetib olish sharti bilan olib qoldim. Direktor oʻquvchining oʻzlashtirishini oʻzimga yuklagan holda rozi boʻldi... Hozir oʻsha qiz Xorazmdagi nufuzli tashkilotda rahbar boʻlib ishlamoqda.

Bir kuni maktabga ketayotgandim, “Volga” avtomashinasi yonimda toʻxtadi. Haydovchi mashinadan tushib, “Assalomu alaykum ustoz, mashinaga oʻtiring”, deb eshikni ochdi, oʻzini tanitdi, sobiq oʻquvchim ekan. U beshinchi sinfda oʻqir edi. Sinfdosh qizlardan biri bilan janjallashib, qoʻliga pero tiqib olibdi. Men uni oldimga chaqirib koyidim, soʻng ikkalasiga nasihat qildim. Gaplarim unga qattiq taʼsir qilgan ekan. “Shundan keyin hech bir ayolni diliga ozor berganim yoʻq”, dedi u meni kuzatib qoʻyar ekan. Oʻshanda yana bir karra tanlagan kasbimdan gʻururlandim.

“Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deb bekorga aytilmagan. Ilmli, oʻqigan va ustozlar oʻgitini uqqan shogird hech qachon kam boʻlmaydi. Oʻz kasbini sevgan kishi, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. Faxrli kasbda 30 yildan ziyod mehnat qilgan onajonim keyinchalik mahalla fuqorolar yigʻinida xotin-qizlar maslahatchisi, sud maslahatchisi boʻlib faoliyat olib bordi. Shu yillar ichida angladimki, ustoz boyligi uning shogirdlari ekan. Bugungi kunda onamning oʻquvchilarini koʻpchiligi turli sohalarda Vatanimiz taraqqiyoti, uning kelajagi yoʻlida mehnat qilishmoqda. Elda oʻz oʻrni, nufuziga ega boʻlgan shogirdlari haqida eshitib qolsalar toʻlqinlanib ketadilar. Bu yil onam farzandlari, nevara, evaralar ardogʻida 80 yoshga toʻldilar. Onajonimga havas bilan boqar ekanman, qalbim faxr va gʻururga toʻladi.

 

Muhabbat XOʻJAMURODOVA,

jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.