Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Men – Malala Yusufzodaman

Aziz o‘quvchi, “Nobel” mukofoti haqida bilasizmi? Bu – buyuk ilmiy izlanishlar, inqilobiy ixtirolar, madaniyat va jamiyatning rivojiga katta hissa qo‘shgan olim va tadqiqotchilarga har yili taqdim etiladigan eng nufuzli xalqaro mukofotdir.

“Nobel”ning eng yosh sohibasi pokistonlik Malala Yusufzoda bo‘lib, u mukofotga mardligi va jasorati bilan sazovor bo‘lgan. Keling, quyida Malalaning o‘zi haqidagi hikoyasidan bahramand bo‘ling! 

malala_yusufzoda.JPG

Men 1997-yilda Pokistonning Svat vodiysida tug‘ilganman. U yer yam-yashil dashtlar, baland va qorli tog‘lar, katta, tiniq, moviy ko‘llari bilan mashhur makon. Ilgari bu yer juda sokin,  faqatgina qushlarning sayrashi eshitilardi, xolos. Keyin qurollangan tolibonlar vodiyni egallab oldilar. Barchani qat’iyan Qur’on va Muhammad payg‘ambarimiz (S.A.V) so‘zlarini talqin qilishga majburlashdi.

Ular birinchi navbatda maktablarni yopib, qizlar va ayollarning o‘qishiga to‘sqinlik qilishdi. Bosqinchilar faqatgina shu bilan cheklanib qolmay, maktab binolarini vayron qilib, maydonlarda kitoblarni yoqib yuborishdi. Odamlar bu haqida gazeta va televideniya orqali eshitishdi va boshlarini egib, jim turaverishdi. Chunki tolibonlar ularning qoidalariga rioya qilmaganlarni o‘lim jazosi bilan qo‘rqitgandi. Lekin otamga o‘xshagan odamlar bu harakatlar qanchalik xavfli ekanligini bilardi va Pokistonning asrlar davomida yaratilib kelingan tamaddunini bir zarbada yo‘q qiladigan hukmronlik rejasiga qarshi turish uchun imkoni boricha qattiq kurashdilar.

Bir kuni dadam BBC Svat hayoti haqida blog yozishni istaydigan yigit-qizlarni izlayotganligi haqida aytdi. U paytda 11 yoshda edim – yosh bo‘lishimga qaramay, ro‘yxatdan o‘tdim. Gul Makai taxallusidan foydalanib, shunday so‘zlarni yoza boshladim: “Agar bolalarga o‘quv qurollari berilmasa, terrorchilar qo‘llarimizga haqiqiy qurollarni tutqazadilar”.

“Maktab partasida o‘tirib, do‘stlarim bilan birga kitob o‘qish – mening huquqimdir”.

Maktabimiz direktori kitoblarni parta ostiga yashirishga yoki hech kim payqamasligi uchun maktabga formasiz kelishga buyruq bergani haqida yozdim. Go‘yo shaxsiy kundalik yozayotgandek, qattiq qo‘rquvimni, hayajonimni tasvirladim. Ko‘pchilik pokistonliklar jasoratimdan hayratda qolishdi va menga ergasha boshladilar. Men bundan zarracha g‘ururlanmadim, shunchaki onamga nasib etmagan – o‘qishni davom ettirishni xohlardim.

Tolibon meni o‘ldirish bilan tahdid qildi. Yosh bolaga zarar keltirishlariga hech kim ishonmadi. Biroq, 2012-yilning 9-oktyabrida ulardan ikkitasi maktab avtobusimizga chiqib, meni jiddiy jarohatladi. Darhol meni Angliyaning Birmingem shahridagi kasalxonaga olib borishdi, chunki bu kasalxonada xavfdan xoli edim. Hushsiz yotganimda, turli dinga mansub yuzlab bolalar va mamlakatlar menga maktublar, rasmlar yuborishar va omon qolishim uchun duo qilishardi. Kasalxonadan 2013-yilning 4-yanvarida chiqdim. Shu yilning 12-iyulida – 16 yoshga to‘lgan kunimda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida chiqish qildim.

Buyuk Britaniya va AQSHdagi nashriyotlarda ingliz jurnalisti Kristina Lamb bilan hammualliflikda “Men Malalaman: Ta’lim uchun kurashgan va Tolibon tomonidan otib tashlangan qizning hikoyasi” nomli avtobiografik kitobim chop etildi. 2015-yilda rus tilida  “Men – Malalaman. Butun dunyoni larzaga keltirgan jasoratning noyob hikoyasi” deb atalgan kitobim nashr qilindi. Shu yili Neela Vaswani tomonidan rivoyat qilingan audiokitobim “Bolalar uchun eng yaxshi albom” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Hozirda Tinchlik bo‘yicha “Nobel” mukofotining eng yosh layreatiman. 2020-yilda Oksford universitetini bitirdim. Ammo, kurashishda davom etaman. Hali qilishim kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p!

Ishonchim komil, agar har bir yigit va qizga o‘qish, ta’lim olish huquqi berilsa, biz butun dunyoni, yuksak cho‘qqilar bilan o‘ralgan kengliklarga, tiniq suvli katta ko‘llarga ega bo‘lgan va tinchlik hukm suradigan Svatga aylantira olamiz.

Malalaga o‘xshashni istasangiz,  huquqingizdan xabardor bo‘ling, ularni himoya qilish uchun qo‘lingizdan keladigan barcha ishni qiling.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.