Qani, ketdik...
Bugun ustozlarimiz yonida, ota-onam bag‘rida, sinfdoshlarim, do‘stlarim bilan birga ekanman, so‘nggi qo‘ng‘iroq, maktab bilan xayrlashuv kuniga oz qolganini o‘ylasam, xayollarim har tomonga yetaklab ketadi. O‘quvchilik kunlarim tugagan sari uning qadriga ko‘proq yeta boshladim. Kelajak avlod tarbiyachilari, fidoyilari, jonkuyarlari, aziz va mehribon ustozlarimiz Nargiza Karimova, Sevara Xodiyeva hamda bizga ta’lim-tarbiya bergan o‘nlab ustozlarimizga ming bora tashakkur aytmoqchiman.
Nahot biz ulg‘aydik, mustaqil hayot ostonasida turibmiz, nahot endi to‘rt tomonga tarqalamiz, deb savollar girdobida qolaman. Vatanimizda biz yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, bizga ochilayotgan imkoniyat eshiklarining sanog‘i yo‘q. Bizdan kutilayotgani esa – harakat, mehnat, bilim, kelajak sari dadil qadam tashlash.
Tengdoshlarimga shuni aytmoqchiman: kech bo‘lmasin, vaqtimiz borida eng muhimlariga ulguraylik. Qani ketdik, yangi hayot sari birgalikda qadam tashlaylik.
Madina ASOMIDDIN qizi,
Toshkent shahar 51-maktab 11-sinf.