Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Nabiramga maktublar” kitobidan

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli yozuvchi Erkin Malikov bolalar uchun sermahsul ijod qilib, oʻzbek bolalar adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgan zabardast adib. Erkin aka bolalar olamini, ularning ruhiyatini juda yaxshi biladigan bolajon yozuvchi. Hozirda oʻnlab nabiralarning bobosi sifatida ham bolalar dunyosining nozik jihatlarini qalamga olib, ajoyib asarlar yaratmoqdalar. Adibning “Sharq-ziyo-zakovat” nashriyotida chop etilgan “Nabiramga maktublar” kitobi aynan bobo va nabiraning shirin suhbatlari asosiga qurilgan. Oʻylaymizki, ushbu asar jamiki nabiralar uchun ulkan maʼnaviy sovgʻa boʻladi.

Diqqat haqida

Mening aziz nabiram, diqqat haqida oʻylasam xayollarim ostin-ustun boʻlib ketadi. Hayotda nimagaki erishgan boʻlsam diqqat qilishdan, nimaniki boy bergan boʻlsam, diqqat qilmaslikdan boʻlgan. Ajabo, diqqat oʻzi nima? Mening fikrimcha, diqqat bu butun vujudni, oʻy va xayollarni bir nuqtaga jamlab, bamisoli lazer nuridek yoʻnaltiruvchi kuch. Bu qanday kechadi?

Ortga qarasam, men sening yoshingda koʻproq diqqatli boʻlgan ekanman. Ishonasanmi, ertangi darslarni maktabning oʻzidayoq tayyorlab qoʻyardim. Buning uchun dars paytida vujudim quloqqa aylanar, koʻzim oʻqituvchida boʻlardi. Aytgan har bir soʻzi esimda qolardi. Diqqat qilishga majbur edim. Chunki maktabdan keyin dars tayyorlashga hecham vaqtim boʻlmasdi. Tushgacha oʻqib, undan keyin dalaga chiqardim. Dalada ishlamasam kolxoz bergan tomorqasini kesib tashlardi. Daladan qaytib, nari-beri ovqatlanardim-da, ikkinchi vazifam, qishloq kutubxonasini ochardim. Bu yerda kechqurun oʻn birgacha ishlardim. Odamlar kelib gazeta-jurnal oʻqishar, shaxmat-shashka oʻynashar, uyda mutolaa qilish uchun kitob olib ketishardi. Koʻryapsanki, uyda dars qilishim uchun imkon yoʻq edi. Ana shu imkoniyatsizlik diqqatni jamlashga yordam berardi.

Koʻpincha shaharlik bolalarga qaraganda qishloqlardan iqtidorli bolalar koʻp chiqadi. Sababi, qishloq bolalari imkoniyatsizlikdan imkoniyat qidirib yashaydilar. Ota-onasi fermer, qarashishi kerak. Yana mol-xol, uy ishlari, tomorqa va hokazo. Biron bir sport turi, fan toʻgaragiga qatnashay desa, qani vaqt? Lekin shunday boʻlsa ham yaxshi oʻqishadi, sport bilan mustaqil shugʻullanishadi, fan olimpiadalarida qatnashishadi, oliy oʻquv yurtlariga kirishadi. Sababi, anavi ishlarning bari ularning diqqatini oʻqishga jamlaydi. Qorongʻida bir narsani tasavvur qilish uchun yorugʻlik boʻlishi kerak, a? Diqqat degani oʻsha yorugʻlikdir. Agarda oʻqituvching bir narsani yop-yorugʻ sinf xonasida tushuntirsa-yu, diqqat qilmasang, qorongʻida oʻtirgandeksan. Diqqat qachon yigʻib boʻlmaydigan darajada sochilib ketadi? Qachonki vaqtdan, umrdan foydalanishni bilmasak, bamaylixoʻja boʻlib qolsak. Mana oʻzingdan misol: dushanba kuni darsdan chiqib “Yoshlar ittifoqi”da boʻladigan maʼrifiy mashgʻulotga borasan, seshanba kuni til oʻrganish toʻgaragi, chorshanba – karate, payshanba kuni suzishga borishing zarur, doʻxtir tayinlagan, shuningdek telefon orqali bir emas, uchta tilni oʻrganyapsan, ishqilib boʻsh vaqting yoʻq. Yana ulardan ortib, har kuni singlingni bogʻchadan olib kelasan. Maktabda sinfboshisan. Kimki bolalikdan oʻzini qanchalik urintirsa, behuda laqillashlardan tiyilsa, shunchalik diqqatli boʻlib boraveradi.

Sinov

Aqlli nabiram, sen sinov soʻzini imtihon topshirish, baho berish yoki baho olish deb tushunasan, shundaymi? Lekin bu sinovlar oʻtkinchi, doimiy emas, bolajonim. Ammo vujudingda shunday sinovchilar borki, ular hamisha sen bilan birga boʻladilar. Har bir qadamingni kuzatib yuradilar. Ular bilan tanishib qoʻy: biri aql, ikkinchisi nafs, uchinchisi iroda va toʻrtinchisi xotira. Odamzod deyarli shu toʻrtovlari qurshovida. Aqlning ishi u yoki bu narsani farqlab berish. Nafsning ishi u yoki bu narsaga erishish. Irodaning turgan-bitgani mashaqqat, xotira esa eslatib turuvchidir.

Bir odam bozorchaning oldidan oʻtib borardi. Aqli unga noz-neʼmatlarni koʻrsatdi. Odamning xarid qilishga puli yoʻq edi. Nafsi, tilanib koʻr, balki ehson qilishar, dedi. Irodasi esa zinhor unday qila koʻrma, past ketma, dedi. Xotirasi esa unga donishmandning “Bir marta tilangan odam ikkinchi marta tilanishdan uyalmaydi”, deganini eslatdi. Xullas, u bozorchaning yonidan oʻtib oldi. Yoʻlida ketayotib bir bogʻ oldidan chiqdi. Aqli boyagi bozorchadagi meva-chevalar shu bogʻdan ekanligini bildirdi. Nafsi bu yer bozormas, kir, toʻyganingcha ye, dedi. Irodasi oʻzingni qoʻlga ol, bogʻni bogʻ qilgan egasi, bogʻboni bor dedi. Xotirasi unga donishmandning: “Oʻgʻirlik qilib gunohga botgandan, tilanchilik qilgan ming marta yaxshi”, deganini esiga soldi. U bu yerdan ham eson-omon oʻtib oldi.

Endi shu odamning oʻrniga oʻzingni qoʻyib koʻr, nabiraginam. Maktabdan kelayotib “Internet kafesi” oldidan oʻtding. Buni senga aqling koʻrsatdi. Nafsing kiraqol, choʻntagingda puling bor, dedi. Irodang oʻzingni qoʻlga ol, toyib ketma, dedi. Xotirang “Internat kafe”ga kirmaslikka uydagilarga soʻz bergansan-a”, deb eslatdi. Shunday qilib sen ham u joydan eson-omon oʻtib olding.

Buni chinakam sinov va sinovdan oʻtish deydilar. Qaniydi hamisha, hamroʻz shunaqa boʻlsa. Olam yanada chiroyli boʻlib ketardi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.