O‘smirlik – nihol demak
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 13-sonli oilaviy poliklinika binosiga kirar ekanman, odam eng ko‘p to‘planib turgan eshik qarshisiga borib to‘xtadim. Eshikka “jarroh” deb yozib qo‘yilgan ekan. Shifokor qabuliga kirish uchun navbat kutayotganlarning aksariyati o‘smir bolalar edi. Birining qo‘li, ikkinchisining oyog‘i, yana boshqasining boshi bog‘langan. Ular qanday qilib bunday ahvolga tushganliklarini bilgim keldi. Ammo og‘riqdan yuzlari burishib, hech narsa yoqmay turgan bolalarni bezovta qilgim kelmadi. Ular shifokor ko‘rigidan o‘tib, kerakli muolajalarni olib ketishgach, yuqoridagi savollarga javob topish uchun jarroh shifokor O‘ktam RAHIMOV bilan suhbatlashdim.
Pulmi yoki sog‘lik
Qabulimga har kuni turli yoshdagi bolalar kelishadi. Ularning sog‘liqlaridagi muammolar ham yoshlari kabi turlicha.
Shifokor sifatida meni xavotirga solayotgani – hozirgi kunda o‘g‘il bolalar o‘rtasida varikotsele kasalligi haddan tashqari ko‘p uchrayotgani. Varikotsele – urug‘ tizimchasi vena qon tomirlarining patologik kengayishi bo‘lib, kasallik, asosan, o‘smirlarda uchraydi. Bu kasallik ko‘pincha o‘smirlarning biron sabab bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan paytida aniqlanadi. Xastalik boshlanishining ilk davrlarida bezovta qilmagani sababli vaqtida tashxis qo‘yilmaydi va keyinchalik bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Endi bolalarimizda, bu kasallik qanday paydo bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Men soddaroq qilib tushuntirishga harakat qilaman. Kasallik ko‘proq jismoniy zo‘riqishdan, og‘ir mehnat qilishdan kelib chiqadi. Bunda tanadagi garmonlarning vazifalari o‘zgarib ketadi. Garmonlarning noto‘g‘ri ishlashi oqibatida bolalarning tabiatida, bora-bora ruhiyatida ham keskin o‘zgarishlar kuzatiladi.
Bemor bolalarni kuzatib hayron bo‘laman. Ayrimlarining oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lsa ham pul topishga mukkasidan ketgan. Maqsad – topilgan pulga eng so‘nggi rusumdagi telefonni sotib olish yoki internetga sarflash... Buning uchun imkoniyatidan ko‘proq yuk ko‘tarishga, duch kelgan yumushni bajarishgayam tayyor. Ming afsuski, bu holdan ayrim ota-onalar bexabar bo‘lsa, ayrimlari farzandlarini o‘zlari pul topishga majbur qilishmoqda. Ammo, buning oqibati bilan qiziqishmayapti.
Yana bolalar o‘rtasida ko‘p kuzatilayotgan xastaliklardan biri umurtqa va chov churrasidir. Churra ikki xil, ya’ni tug‘ma yoki orttirilgan bo‘ladi. Bu xastalik ham noto‘g‘ri hayot tarzidan, ya’ni jismoniy va ruhiy zo‘riqish natijasida kelib chiqadi.
Aksariyat o‘smir yoshdagi bolalar tor kiyim kiyishni xush ko‘rishadi. Bu esa tezlik bilan o‘sayotgan ichki a’zolarni siqib qo‘yadi! Natijada tanada qon aylanishi buziladi va turli kasalliklarning kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi. Faqat tor kiyimgina odamni ixcham va chiroyli ko‘rsatadi, deb o‘ylaydigan yoshlarimiz kengroq kiyimlarni ham o‘zlariga moslab, yarashtirib kiyishsa bo‘ladi. Aslida kengroq bichimdagi kiyimlar har tomonlama – yurishdayam, harakat qilish uchun ham juda qulay.
Kalsiy – o‘sish uchun muhim
Oxirgi paytlarda o‘smir bolalarda arzimagan sabablar bilan paylarning cho‘zilishi va uzilishi, suyak sinishi va chiqishi ko‘p uchramoqda. Bunday ko‘ngilsizliklarga tanada kalsiy moddasining yetishmasligi sabab bo‘ladi. Kalsiy moddasi bo‘y o‘sishida ham katta ahamiyatga ega. Bolalarda 10 yoshdan 15 yoshgacha juda tezlik bilan o‘sish jarayoni kuzatiladi. Bunday paytda suyaklarni kalsiy bilan to‘yintirish lozim. Shuning uchun kalsiyga boy bo‘lgan mahsulotlar – sut, pishloq, tvorog, turshak, karam, baliqni ko‘proq iste’mol qilish kerak.
Kalsiyning so‘rilishiga shovul, ismaloq, lavlagi tarkibidagi shovul kislotasi qarshilik qiladi. Bulardan tashqari, kofeinli ichimliklar, shirin gazli ichimliklar kalsiyning organizmdan tez chiqib ketishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, shakarqamish shakari, kakao va shokoladlar ham tananing kalsiy bilan to‘yinishiga to‘sqinlik qiladi.
Kalsiy yetishmovchiligi bor bolalarda teri quruqlashishi, tirnoq va sochlarning sinuvchan bo‘lib qolishi kuzatiladi. Tirnoq chaynash, bosh qashlash, barmoqlarni qirsillatish, bo‘r yoki tuproq, bo‘yoq iste’mol qilishga xohish paydo bo‘ladi. Uyqusida alahsirab, gapirib chiqadigan odat chiqaradi. Tishlarida kariyes boshlanadi. Bu holatlarga bolalar ham, ota-onalar ham bee’tibor bo‘lmasliklari zarur.
E’tiborsiz bo‘lmang
Negadir, hozirgi bolalar juda shoshqaloq. Ayrimlari o‘ta xayolparast. Kuni kecha qabulimga 6-sinfda o‘qiydigan Akmal ismli bolani olib kelishdi. Onasining aytishicha, o‘g‘li doimo shoshib yurarkan. Nega, nimaga shoshadi, o‘zi ham bilmaydi. Ko‘cha-ko‘yda ehtiyotsizligi, qulog‘iga doim quloqchin taqib, qo‘shiq eshitib yurishi tufayli ikki marta qo‘lini sindirib olgan. Bu ham yetmagandek, barmog‘ini eshik orasiga qisib olgan. Jarohatlangan qo‘lining og‘rig‘iga e’tibor qilmay yuravergan. Oqibatda tirnoq ostiga qon quyilib infeksiya tushgan. Og‘riq butun qo‘lga, keyin ko‘krak tomonga o‘tgan. Vaziyat shu darajaga borganki, Akmalning bosh barmog‘ini olib tashlashga to‘g‘ri keldi. Endi Akmalning ahvolini tasavvur qilavering.
Hozirgi kun yoshlarining aksariyati telefon va internetga haddan tashqari bog‘lanib qolishgan. Muntazam ravishda Internetdan har xil filmlarni, rasmlarni ko‘rish, soatlab o‘yin o‘ynash oqibatida tanada va miyada noto‘g‘ri rivojlanishlar kelib chiqmoqda. Buning birgina davosi – ko‘proq mutolaa qilish. O‘qiganda ham mazmunli, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni farqlab, saralab o‘qish. Insonni avvalo, uning ongi boshqaradi. Bolalar ko‘proq mutolaa qilib, keraksiz ma’lumotlardan o‘zlarini ehtiyot qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Bolalar kasalliklari qancha barvaqt aniqlanib, vaqtida davolansa, asorati qolmaydi. Sababi, bola organizmi niholga o‘xshaydi. Uni qanday parvarishlasangiz, ertangi mevasi ham shunga yarasha bo‘ladi. Har bir kasallik, u qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, jismonan barkamol, sog‘lom bolada yengilroq, ozg‘in, nimjon, immuniteti past bolada esa og‘irroq o‘tadi. Kasalliklarning oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, sport bilan shug‘ullanish, har kuni badantarbiya qilish lozimdir.
Nilufar JABBOROVA suhbatlashdi.