Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shunchaki dona surmayman

Bolalikda shashka o‘y­­nab, shaxmat tosh­lariga qi­ziq­­qanlar bor. Dona surib, oila a’zolari bilan musobaqalashganlar ham topiladi. Ay­nan shunday muhitda ulg‘ayib, hozirda 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatidagi g‘oliblar safidan joy olgan buxorolik Malika Norqulovaning nomi xalqimizga ancha tanilib qoldi. U bunday natijaga qanday erishdi?

Malika Norqulova — Buxoro shahridagi 30-maktabning 3-sinfini tamomlash arafa­sida. U Xalqaro shaxmat akademiyasi o‘quv­chisi. Besh yoshidan boshlab oila muhitida shug‘ullangan qiz ayni vaqtda shahar Yoshlar markazidagi “Elion chess” shaxmat klubida ustozlari Mirfayz Sunnatov, Maxsum Bozorov, Qosim Aliyevlardan dars olmoqda. Murabbiylar sabog‘i, tinimsiz mehnatlari natijasi — 2022-yil O‘zbekiston chempionatida rapid bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi. Bir yildan so‘ng Qirg‘izistondagi G‘arbiy Osiyo turnirida jamoaviy qatnashib, klassika yo‘nalishida ham shu o‘rin bilan shuhrat qozondi. Keyinchalik maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida rapid va blits bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ikkita oltin medal bilan taqdirlandi. Ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Malika shu yilning 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 12 yoshgacha qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Women Chess” turnirida qatnashib, 1-o‘rinni egalladi. Ayniqsa, 25-29-aprel kunlari Albaniyaning Durres shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida rapid yo‘nalishida faxrli 3-o‘ringa sazovor bo‘lib, hammani hayratda qoldirdi. 43 ta davlatdan kelgan 350 nafar shaxmatchi orasidan sovrinli o‘rinni egallash bu — cheksiz quvonch va hayrat. 

— Shaxmatda shunchaki dona surmayman, men ular bilan yashayman, — deydi g‘olibamiz Malika Norqulova. — Aql sportiga bo‘lgan mehrim oilamizda shakllangan. Dadam Nabijon Norqulov harbiy bo‘lsalar-da, shaxmat o‘ynashni “qotiradilar”. Otamni ilk ustozim, desam adashmayman. Opam Marhabo Norqulova, akam Hojiakbar Hojiqurbonovlar ham bu borada mendan qolishmaydi. Hattoki, onam Olima Tursunova tibbiyot sohasida ishlasalar-da, shaxmatdan menga trening o‘tadilar. Qoyilmisiz?

Albatta, qoyilmiz! Chinakam shaxmatchilar oilasi. Malika ba’zan musobaqa oldidan kuniga 8 soat shaxmatda miyasini charxlaydi. Chunki kelajakdagi orzusi grossmeyster bo‘lib, jahon shaxmat tojini O‘zbekistonga keltirish. Bu oson emasligini u yaxshi anglaydi. Shuning uchun jon-jahdi bilan kurashib, natija sari shiddat ila odimlaydi.

— Qizim juda intiluvchan, harakatchan, — deydi sportchi qizning onasi Olima Tursunova. — U matematikaga ham qiziqadi. Ba’zan musobaqalar tufayli darslarni o‘zlashtirolmasa, muallimasi Nodira Baqoyevaning qo‘shimcha mashg‘ulotlari sabab sinfdoshlariga yetib oladi. Yana zamon talab qilayotgan chet(ingliz) tilini ham o‘rganishga qattiq kirishgan. Maqsadi tomon qaysi yo‘ldan yursa ham doimo yonida turib qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Gohida unga ustozi Mirfayz Sunnatov ham yaxshi dalda beradi.

Shunday ekan, biz Ma­li­ka­ga omad tilaymiz. Ke­la­jakda jahon shax­mat ma­likasi sifatida shoh­supaga chiqadi deb, umid qilamiz!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.