Mehmon
Darvoza taqilladi. Davron joyidan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi. Hovli etagida mudrayotgan it ko‘chaga qarab hura boshladi. Davron itni tinchlantirdi. Darvoza ochilib oldin otasi, keyin yuzidan go‘yo nur yog‘ilib turganday oppoq soqolli qariya kirib keldi. Jim jit hovli birdan gurkirab, jonlanib ketganday bo‘ldi...
Davron mehmonga peshvoz chiqib, salom berdi. Qariya qo‘l cho‘zdi. Davron ko‘rishish niyatida o‘ng qo‘lini yengil uzatdi. U har doim tanishlari bilan kaftini kaftiga qarsillatib urib ko‘rishardi. Bu kishi notanish bo‘lganligi uchunmi, jur’atsizgina qo‘l uzatdi. U faqat kattalar qo‘l uzatsagina ko‘rishish kerakligini bilardi. Lekin shu payt mehmonning bir Davronga, bir uning otasiga norozi qarashidan hech narsaga tushunmadi. Shundan so‘ng oqsoqol tushuntira boshladi.
– Bu... to‘g‘ri ko‘rishishni yaxshilab bilib oling, o‘g‘lim! Avvalo salom berasiz, keyin o‘zingizdan katta odam qo‘lini uzatsa, siz ham qo‘l uzatib, ikki qo‘llab, uning ko‘zlariga qarab so‘rashasiz. Shunda siz bir odamga quvvat bag‘ishlagan bo‘lasiz. Ko‘rishish shartli harakat emas. Inson salomlashganda, uning ichki quvvati qo‘llari orqali ko‘rishayotgan odamga o‘tadi. Siz birovning dardini ko‘rishish orqali olgan bo‘lasiz. Buni bilish kerak, o‘g‘lim.
Davron o‘zining jur’atsiz harakatlaridan mulzam bo‘ldi. U haqiqatdan ham, bu harakatlar orqali birovning dardini olish mumkinligini va qandaydir yelkadoshlikni his qildi.
Demak, u kuchli bo‘lish uchun insonning va tabiatdagi jamiki tashqi va ichki harakatlarning sirlarini o‘rganishi kerak ekan.
Qariya ichki harakat, quvvat dedi-ya! Ha, ichki quvvat birovga o‘tishi, ikkinchi odamning ko‘nglini biroz yumshatishi uchun u ham yetarli sog‘lom bo‘lishi shart.
Xullas, salomatlik sirlari faqat yuz qo‘lni yuvib turish bilangina ayon bo‘lmas ekan. Davron shuni angladi. Uning otasi mehmon bilan so‘rida o‘tirib nimalarnidir uzoq gaplashishdi...
Rauf SUBXON