Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sirli sandiqdagi xotiralar

Sirli sandiq nomi bilan mashhur iqtidorli olim va pedagog, filologiya fanlari nomzodi Rahimboy JUMANIYOZOV ishtirok etgan davraga kirsangiz, tadbirda qatnashsangiz ustozning notiqlik qobiliyatiga qoyil qolasiz. U kishi “Xalq dahosining ko‘zgusi”, “Eski o‘zbek yozuvi”, “Alifbo saboqlari”, “Xalq ijodi – haq ijod”, “Alifbo”, “Nutqiy mahorat”, “Turkiy savod”, “Dong qozongan doston”, “Harflar tilga kirganda”, “Dil – qulf, til – kalit”, Harflar gulshani, Toshkentdan gapiramiz, “Notiqlik san’ati” kabi ko‘plab kitoblar muallifi.

Shuningdek, “Alifbo saboqlari”, “G‘azal bo‘stoni”, “Sirli sandiq”, “Muqallidlik maydonida”, “Iqtidor” nomli bir nechta intellektual-televizion ko‘rsatuvlarning muallifi va boshlovchisi sifatida tanilgan ustoz hozirgi kunda “Notiqliq san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasining direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

 

Bobomning sabog‘i

Men 1960-yil Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Xosiyon qishlog‘ida tug‘ilganman. Oilada besh o‘g‘ilmiz – men va ukalarim Ikromboy, Davronbek, Bahromboy, Azimboy. Otam – Matkarim Jumaniyozov traktorchi, onam – Poshshaxon Matyoqubova ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib, ta’lim sohasida 55 yil ishladilar. Biz buvim va bobom (onamning ota-onalari) bilan birga yashardik. Buvim – Roziyajon Muhammadsharif qizining ko‘zlari ojiz bo‘lsa-da, bizni ovozimizdan tezda tanib olar va ko‘p kitob o‘qittirardilar. Gohida buvimning yig‘lab o‘tirganlarini ko‘rib qolardim. Keyinchalik bilsam, buvimning to‘ng‘ich farzandi – Xolmurod tog‘am urushga ketganicha qaytmagan, u kishidan faqatgina “Bedarak yo‘qoldi”, degan xat kelgan ekan. 45 yil eshikka ko‘z tikib, tog‘amning kelishidan umidvor bo‘lgan buvijonim kuta-kuta axiyri armon bilan olamdan o‘tdilar...

Bobom – Matyoqub Matjon o‘g‘li kichkina ukam Ikromboyni ko‘p erkalatar, unga ko‘p shirinliklar berardilar. Kunlarning birida bobomga “Menga shirinlik bermaysizmi?” deb jahl qildim. Bobom esa “Axir sen katta bolasan-ku!” dedilar. Shunda “Menga shirinlik bermasangiz, siz ham choy ichmaysiz”, dedim-da, elektr choynakni tokdan uzib olib, qo‘limda ko‘targancha hovli tomon yugurdim. Bobom xavotirdanmi yoki jahli chiqqanidanmi, bilmayman, meni quvlab, tutib olishga rosa harakat qildilar. Uddasidan chiqolmagach, ukamni yordamga chaqirdilar. Qo‘limdagi issiq choynakka e’tibor ham bermay yuguraveribman. “Qo‘lga tushganim”dan so‘ng bobom issiq choynakni olar ekan, yuzimga ayamay bir shapaloq tushirdilar. Keyinroq yetib kelgan oyim yonimni olaman, deb bobom bilan tortishib qoldi. Shunda bobom, “Farzandlaring sen uchun aziz bo‘lsa, nabiralarim men uchun Xudoyimning eng qadrli tuhfasidir. Lekin bola odobi bilan aziz”, deb ranjigan edi. Bobom bilan onamni noqulay ahvolga solib qo‘yganim uchun hozirgacha o‘sha qilgan ishimdan uyalib yuraman.

Bobom doimo meni yonlarida olib yurardilar. U kishi bilan muqaddas qadamjolarga tez-tez ziyoratga borardik. Kaltaminor, Islomxo‘ja minorasi qadamjolariga borganimizda peshtoqlardagi arab yozuvidagi bitiklarni ko‘rib, bu yerda nima deb yozilgan ekan, deya juda qiziqqanman. Shu sabab bo‘ldi-yu bobomdan arab yozuvini o‘rganishga kirishdim...

 

Chuchuk tilim ne qildi?

Men qishlog‘imizdagi 22-maktabda o‘qiganman. Onam shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlardilar. Bu yerda hamma onamni hurmat qilishini ko‘rib, ich-ichimdan o‘qituvchi bo‘lishni, meni ham “Ustoz” deb chaqirishlarini orzu qilardim. Maktabga chiqqan bo‘lsam-da, lekin “R” tovushini talaffuz qilishga qiynalar edim. Arrani ayya, marrani mayya, traktorni tyaktoy... deb aytardim. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. “Alifbe” bayramida ustozim Bibijon Otajonova har bir o‘quvchiga bittadan harfni bo‘lib berdilar. Aksiga olib menga “R” harfi tushdi. Men shu harf bilan boshlanadigan she’r aytishim kerak edi... Tadbir boshlanishidan oldin o‘qituvchim bir takrorlab olamiz, deb katta zalda hamma bolalarni bir qator qilib tizib chiqdilar. Boshimizda o‘z harfimiz shakli tushirilgan qog‘ozdan yasalgan toj. Hammamiz birma-bir she’rlarimizni ayta boshladik. Shu payt zalga kirib kelgan oyim tojimdagi “R” harfini ko‘rib yuzlari tundlashdi. So‘ng o‘qituvchimga sekingina nimadir dedilar. O‘shanda ustozim “Voy, esim qursin. Ismi Rahimboy bo‘lgani uchun “R” harfini bergandim”, dedilar. Keyin menga biroz tikilib turdilar-da, “V” harfidagi sinfdoshim bilan she’rlarimizni almashtirib, tez yodlab olinglar, deya tayinladilar. She’r atigi to‘rt qatorli bo‘lgani uchun qiynalmay birpasda yodlab oldim. Oson yod olgan bo‘lsam-da, negadir menga “V” harfining she’rini aytish ancha qiyinroq tuyuldi. Tadbir boshlandi. Zalga odam shunchalik to‘lib ketdiki, o‘rindiqlar yetmagani uchun ko‘pchilik tik turgan holda tomosha qila boshladi. She’r aytish navbatim kelganda meni qattiq hayajon bosdi. O‘zimni bir amallab qo‘lga oldim-da, she’rimni baland ovozda aytib berdim. She’r mana bunday edi:

 

Valiboyda zo‘r it bor,

Bo‘ynida tasmasi bor.

Ko‘rib qolsa biron ov,

Olib keladi darrov.

 

Men esa:

 

Valiboyda zo‘y it boy,

Bo‘ynida tasmasi boy.

Ko‘yib qolsa biyon ov,

Olib keladi dayyov, –

 

deya baland ovozda o‘qigan edim, zalda “gur” etib kulgi ko‘tarildi. Oldingi qatorda o‘tirgan Qadamboy og‘a degan ustozim menga qarab, “Amallading, Yeyimboy”, dedilar. Ko‘zlarim yoshga to‘lganicha onamning yoniga yugurib bordim: “Onajon, nega men she’r o‘qiganimda hamma kuldi?” deb so‘radim. Shunda onam, “Bolam, sen she’rni hammadan chiroyli o‘qiding. Xudo xohlasa, mening og‘lim kelajakda el taniydigan inson bo‘ladi. Chunki eng mashhur insonlarning ko‘pchiligi bolaligida she’rlarni xuddi sendek o‘qib berishgan ekan”, dedilar. Shunda men ko‘zimdagi yoshlarni artib, quvonganimcha “Xudoga shukuyyy”, dedim. Keyin e’tibor qilsam, “R” harfi uchun yod olgan she’rimda atigi birgina – raketa so‘zi bor ekan. Shoshganidan o‘qituvchim ahamiyat ham bermabdilar. Oradan shuncha yil o‘tdi. Ammo bu she’r men uchun shunchalar qadrdon bo‘lib qoldiki, hattoki nabiralarimga ham kulib aytib beraman.

Hamma fanlardan a’lo baholarga o‘qirdim. Shuning uchun maktabni tamomlash arafasida meni oltin medal oluvchilar ro‘yxatiga kiritishdi. Bizning sinfdan ikki o‘quvchining nomzodi berildi. Ammo har bir sinfdan atigi birgina o‘quvchiga oltin medal berilardi. Baholarimning a’lo bo‘lganligi sababli oltin medal menga beriladi, degan xayolda ko‘nglim to‘q edi. Lekin oltin medal menga emas, sinfdoshimga berildi. Shu voqeadan bir necha kun o‘tib, onam uyga bo‘shashibgina kirib keldilar-da: “O‘qituvchilar xonasi”da o‘tirgandik. Matematika o‘qituvching birdan, “Kim mening a’lochi o‘quvchimning baholarini o‘zgartirib chiqdi?” deb qichqirib yubordi. Ko‘nglim bir nimani sezgandek “shuv” etib ketdi. O‘rnimdan turib jurnalga borib qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, “5” baholaringni “3” ga o‘zgartirib chiqishibdi. Ishni juda puxtalik bilan qilishibdi. Beshning bosh tarafini o‘chirib, osongina uchga aylantirib qo‘yishibdi. O‘qituvching seni yaxshi bilgani uchun bahoga sinchiklab qarab sezib qolibdi. Bir joyda ishlab turib, ko‘zingga tik qarab, adolatsizlik qilishsa odamga alam qilarkan”, dedilar. O‘shanda men oltin medal ololmaganim uchun emas, onamning ko‘z yoshlarini ko‘rib, nohaqlikdan dilim og‘rigan...

 

“Domlasi ichida”

Maktabni tamomlagach, hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Ammo ikki yil o‘qishga kirolmadim. Maktabda a’lo baholarga o‘qib, kitob mutolaasidan bosh ko‘tarmagan o‘g‘lining o‘qishga kirolmayotgani ota-onamni hayron qoldirardi. Men o‘zimni hech nimani bilmaydigan, bilimsiz odamdek his qilardim. Tushkunlikka tusha boshlaganimni ko‘rgan ota-onam hujjatlarimni olib, Oliy ta’lim vazirligiga borishdi. Vazirlikdagi Afanasyev degan kishi ota-onamning shikoyatlarini eshitib, hujjatlarimning chekkasiga bir nimalar deb yozib beribdi. Shundan so‘ng meni o‘qishga qabul qilishdi. Lekin yuragimda allaqanday hadik va qo‘rquv bor edi. Sababi, filologiyada o‘qiydiganlarning bilimi juda kuchli, ularning ichida o‘qiy olmayman, u yerda tahsil olgan taqdirimda ham besh yillik o‘qishni amallab tamomlasam kerak, deb o‘ylardim. Darslarga qatnashib, bir necha kun ustozlar-u talabalarni kuzatib ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Bu yerda hattoki o‘zining ism-sharifini ham to‘g‘ri yoza olmaydigan talabalar talaygina edi. Men o‘tgan vaqtimga, yutqazgan yillarimga emas, xuddi mendek adolatsizlik sabab o‘qishga kirolmay, qiynalib yurgan tengdoshlarimga achinganimdan yig‘ladim.

Eski o‘zbek yozuvini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqim kundan kunga kuchayib borardi. Har kuni bir nechta yangi so‘zlarni o‘rganib, yozib chiqardim. Tan olib aytamanki, kirill yozuvidan ko‘ra, arab yozuvini husnixat darajasida yozardim. Arab yozuvini mukammal o‘rganganim sari bir nechta kitob va o‘quv qo‘llanmalar chop ettira boshladim. Ularning orasidagi “Eski o‘zbek yozuvi” nomli kitobim o‘sha yillari 500 ming nusxada nashr etildi.

Do‘stlarim bilan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga bordik. Mo‘ljallangan ishlarni bajarib, ul-bul xarid qilish maqsadida bozor oraladik. Bozor eshigining yonida kitob sotib o‘tirgan otaxonga ko‘zim tushdi. Kitoblar orasida o‘zimning “Eski o‘zbek yozuvi” nomli kitobimni ko‘rib quvonib ketdim. Otaxonning yoniga borib kitobimni ko‘rsatib: “Otaxon, kitobingizni narxi qancha?” deb so‘radim. U kishi menga boshdan oyoq razm soldi-da, mensimagan ohangda “50 so‘m!” dedi. “Axir bu kitobning asl narxi 2 so‘m-u 80 tiyin bo‘lsa. Insof sari baraka, otaxon. Mayli, sizning hurmatingiz uchun shu kitobga 30 so‘m beraman”, dedim. Shunda otaxonning rosmanasiga jahli chiqib: “Sen bola nimaniyam tushunarding. Bu sen o‘ylagandek oddiy kitob emas. Bu kitobning domlasi ichida”, dedi qat’iy qilib. Otaxon bu gapi bilan kitobning uslubiy va metadologik jihatdan o‘zi o‘rgatishga qulay ekanligini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Yonimdagi do‘stlarimdan biri kulganicha, “Ota, qo‘lingizdagi kitobni mana shu bolaning o‘zi yozgan”, dedi. Otaxon esa qovog‘ini uyganicha: “Men bilan hazillashmanglar, bu bola kim bo‘libdi? Jumaniyozov deganlari soqollari mana bu yergacha tushadigan mo‘ysafid”, deya qo‘lini qorniga qo‘yib ko‘rsatdi. Shu tobda dunyoda mendan baxtli inson yo‘q edi. Ko‘z nurimni to‘kib yozgan kitobimni ulug‘layotgan otaxonning so‘zlari menga mingta mukofotdan afzal edi...

Yillar o‘tib menga teleekran orqali yurtdoshlarimga arab yozuvidan saboq berish baxti nasib etdi. O‘sha paytda “Alifbo saboqlari” ko‘rsatuvi ming-minglab maktublar keladigan dasturga aylangandi. Onam har gal ko‘rsatuvni ko‘rganlarida, “Bolam, men faqat o‘zimdan kichik bo‘lganlarga dars berganman. Sen esa teleekran orqali katta-yu kichikka saboq beryapsan. Shuncha olimlar, tajribali ustozlar turganda bu baxt faqat mening o‘g‘limgagina nasib etdi”, deb quvonar edilar. Ko‘cha-ko‘yda yoshi ulug‘ kishilarning “Ustoz, sizning ko‘rsatuvingiz orqali arab yozuvini o‘rganyapman. Muqaddas “Qur’oni Karim”ni qiynalmay o‘qiyapman. Umringizdan baraka toping”, degan so‘zlarini eshitganimda dunyodagi eng baxtli insonga aylanar edim...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.