Soddalashtirish san’ati
“Agar biror narsani sodda qilib tushuntira olmasangiz, demak uni yaxshi tushunmagansiz”, – degan nazariyani hech eshitganmisiz? Bu fikr mashhur olim Richard Feynman tomonidan aytilgan. Feynman – mashhur amerikalik nazariyotchi fizik bo‘lib, u odamlarga murakkab mavzularni sodda tilda tushuntirish orqali o‘rganish taklifi bilan chiqadi.
Qanday qilib? Keling, “Feynman usuli” qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
Tasavvur qiling, sizga “Fotosintez qanday ishlaydi?” degan savol berildi. Javobni topish uchun nima qilasiz? Avvalo, bu mavzuni darsligingizdan, botanika bo‘yicha qo‘llanmalardan yoki internetdan izlab, o‘qiysiz. Endi mavzuni atroflicha, a’lo darajada tushunib olishingiz kerak, shundaymi? Buning samarali yo‘llaridan biri – Feynman usulidan foydalanish.
Bu usulda siz o‘rganayotgan mavzuni kichkina ukangiz yoki do‘stingizga, umuman, mavzuni bilmaydigan kishiga sodda tilda tushuntirishga harakat qilasiz. Agar tushuntira olmasangiz, demak, mavzuni hali yetarli darajada bilib olmagansiz. Tushuntirish davomida, ilmiy uslubdan, atamalardan iloji boricha kam foydalanishingiz, so‘zlashuv uslubi, kundalik hayotda qo‘llaydigan atamalaringiz bilan kifoyalanishingiz kerak.
Sherigingizga mavzu haqida gapirayotib, qayerdadir tutilish, ikkilanish, o‘ylanib qolish yoki eslay olmaslik kabi holatlar bo‘ladi. Oddiy tilda tushuntirish uchun mos jumlalar topolmay qolishingiz ham mumkin. Bu joylarni o‘zingiz uchun belgilab olib, qayta o‘qib, yaxshilab o‘rganasiz va keyin yana sodda tilda gapirib berasiz.
Biror yangi mavzuni o‘rganish jarayonida Feynman usulini, albatta, qo‘llab ko‘ring. Yoningizda gapirib berishingiz uchun sherik yo‘q bo‘lsa, o‘zingizga o‘zingiz tushuntirib berishingiz ham mumkin. Ishonavering, bu usul aniq ish beradi.
Fotosintez – bu o‘simliklarning “oshxona”si. Ular quyosh nurini ovqatga (shakar) aylantirib, havoga kislorod chiqaradi. Bu jarayon uchun ularga suv, havodagi karbonat angidrid va quyosh nuri kerak bo‘ladi. Bu xuddi kichik zavod kabi ishlaydi, lekin o‘simlikning bargida sodir bo‘ladi. Fotosintezni biz o‘rgangan “Feynman usuli”da ana shunday qilib tushuntirish va tushunib olish mumkin.
Feynman usuli yordamida har qanday murakkab qoidani o‘rganish qiziqarli va oson bo‘lib qoladi. Sinab ko‘ring, o‘xshasa, natijalaringiz haqida bizga ma’lum qilasiz.
Feruza ABDULLAYEVA,
talaba