Toza havo manbai
Insoniyat hayoti uchun eng muhim neʼmat atmosfera havosini muhofaza qilish, toza saqlash bugunning muhim muammolaridan biridir. Havoning ifloslanishi inson, oʻsimlik, hayvonot, umuman, jamiki tirik mavjudotlarga zararli taʼsir koʻrsatadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotiga koʻra, dunyoda har oʻn nafar kishidan toʻqqiztasi ifloslangan havodan nafas olyapti. Yer yuzining 91 foiz aholisi havosi zararli hududlarda yashamoqda. Odamlardagi yurak kasalliklarining 25 foizi, oʻpka kasalliklarining 43 foizi ifloslangan havodan nafas olish natijasida kelib chiqar ekan. Atmosfera havosining zararlanishi nafaqat odamlar, balki atrof-muhit, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuningdek, havoga chiqarilayotgan issiqxona gazlari global isishga sababchi boʻlib, iqlim oʻzgarishlarini keltirib chiqarmoqda. Dunyo hamjamiyati, soha mutaxassislari bekorga bong urmayaptilar. Dunyo miqyosida atmosfera havosiga chiqarilayotgan chiqindilar miqdori shu surʼatlarda ketsa, global isish va iqlim oʻzgarishlari ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.
Havoning ifloslanishiga qarshi kurashning eng yaxshi usullaridan biri shaharlarni, tevarak-atrofni koʻkalamzor qilish: bogʻ-u rogʻlar, gulzorlar, madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar, daraxtzorlar, oʻrmonlar barpo qilish, korxonalar va muassasalar atrofini koʻkalamzorlashtirishdir. Bularning hammasi sanitariya-gigiyena va estetik jihatdan katta ahamiyatga ega.
Iliq va quyoshli kunlarda 1 gektar maydondagi koʻkat va daraxtlar havodagi 220-280 kg karbonat angidridni yutib, 180-220 kg kislorod chiqaradi. Boʻyi 25 metr keladigan, 80-100 yil umr koʻrgan bir tup qoraqayin daraxti bir soatda 2 kg karbonat angidrid “yutib”, 2 kg kislorod ishlab chiqaradi. Yana shu narsa ham hisoblab chiqilganki, bir gektar joydagi yashil oʻt-oʻlan bir soatda 200 odam nafas chiqarganda hosil boʻladigan karbonat angidridni oʻzlashtiradi. Demak, yashil oʻsimliklar havoni karbonat angidriddan tozalab, kislorod bilan boyitadi.
Yashil oʻsimliklar gul-u giyohlar shaharlarning mikroiqlimini yaxshilaydi. Daraxtlar issiq paytlarda atmosferaga koʻp miqdordagi suv bugʻi chiqarib, kunduz kunlari havoning namligini 20-30 foizga oshiradi, haroratni esa bir necha daraja pasaytiradi.
Shaharlardagi yashil boyliklarning yana bir muhim va foydali xususiyati shuki, ular qanchalik zich joylashgan boʻlsa, shovqinni shuncha koʻp yutadi. Sayilgoh va bogʻlar, xiyobonlar inson organizmiga shifobaxsh taʼsir koʻrsatadi. Asablarni tinchlantiradi, ish qobiliyatini oshiradi. Shunday qilib, toza havo odamlarning sogʻligʻiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, organizmning turli kasalliklarga kurashuvchanligini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, ona tabiatni asrash, koʻkalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini hamisha yodda tutishimiz zarur.
Umida KAMILOVA,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati