Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ustozini hurmat qilmagan…

Sirdaryoda bir ayol maktabga kelib o‘qi­tuv­chi­ga qo‘l ko‘­ta­rib­di. O‘quv­chi­lar ustoz­larni hurmat qilmay qo‘yishdi, deymiz. Aslida, o‘quv­chilar emas, balki ularning ota-onalari ustozlarni hurmat qilmay qo‘ygan. Ustozni og‘rintirishdan qo‘rqqan insonlar farzandlariga, birinchi navbatda, ustozni hurmat qilishni, uning ko‘zlariga tik qaramaslikni, sukut saqlashni o‘rgatishadi. Ba’zida yaxshi gap bilan, ba’zida qattiq turib buni uqtirishadi.

Men olim bo‘ldim, fan doktori bo‘ldim, hammasiga ustozlar sabab. Ustozlarimni yaxshi ko‘rardim. Ayniqsa, kimyo fa­ni o‘qi­tuv­chimiz rahmatli Toshpo‘lat Yo‘ldoshev­ni, sinf rahbarimiz Ahadxon Akbarovni...

Ota-onamning birinchi talabi, albatta, ustozlarni hurmat qilish bo‘lardi. Dadam rahmatli hamma ustozlarim bi­lan o‘ta muloyim gaplashardilar, bir qo‘llari ko‘ksilarida edi.

Qarangki, ustozlarimiz bizni, 25-30 o‘quvchini ham juda avaylashgan ekan, bugun shuni tushunib turibmiz. Bizning sinfimizdan to‘rtta shifokor, ikki harbiy, bir prokuror, bir necha o‘qituvchi, oliy ma’lumotli iqtisodchilar, bir olim... chiqdi. Adashmasam, 25 o‘quvchidan 2-3 tasi o‘qimadi, qolgan hammasi oliy ma’lumotli bo‘ldi. Oliy ma’lumot olmaganlari ham yaxs hi ishlarning boshini tutishdi.

Xulosa o‘r­nida aytar so‘zim – ustozini hur­mat qilmagan bu dun­yo­da un­ib-o‘smaydi! Bolasining ustoziga qo‘l ko‘targanning o‘zi ham, farzandi ham unmaydi! Ilmli, esli-hushli inson ustozga qo‘l ko‘tarish tugul, qattiq ham gapirmaydi. Ustozga qo‘l ko‘taradiganlarga aytadiganim esa alohida — bu hayotda qiynalding, nega shu hayotni farzandingga ravo ko‘rasan?

Baxtiyor ABDUG‘AFUR,

biologiya fanlari nomzodi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.