Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xalqona ohangda yangragan she’riyat

XIX asr qoraqalpoq adabiy tili va she’riyatining rivojlanishida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining xiz­mati katta. Shoir 1824-yili Orol dengizining janubiy sohilida, Amu­daryoning dengizga qu­yilishi, hozirgi Mo‘ynoq tuma­ni hu­dudida ocha­mayli va qiyot urug‘­lari istiqomat qiladigan Qamish bo‘g‘ot ovulida tug‘ilgan. Otasi Qo‘siboy, bobosi Boltabek, katta bobosi Oqjigitlar o‘z zamonasining peshqadam kishilari bo‘lgan. Onasi Nazira bibi ham so‘zga usta va chechan ayol edi. Ajiniyoz avval Xo‘jamurod eshon madrasasida, onasi vafot etganidan keyin tog‘asi Elmurod oxun madrasasida tahsil oladi. Ilmga chanqoq o‘spirin talaba madrasada o‘qish bilan bir qatorda kutubxonadagi ayrim kitoblarni ko‘chirish bilan shug‘ullanadi va mashhur kotib sifatida elga taniladi. U o‘n olti yoshida Alisher Navoiy devonidan kitob ko‘chirgani tarixda ma’lum.

Ajiniyoz o‘qishni Xivada davom ettiradi. Bu qadim shaharda u turkiy xalqlarning mashhur shoirlaridan biri Maxtumquli ta’lim olgan Sherg‘ozi madrasasi, so‘ngra Qutlimurod inoq madrasasida o‘qiydi. Madrasada di­niy ilmlardan tashqari Alisher Navoiy, Hofiz, Sa’diy, Fuzuliy kabi Sharq mumtoz shoirlarining ijodi ham chuqur o‘rganilgan. Shu bois Ajiniyoz so‘z mulkining salaflari merosi, badiiy mahorat saboqlaridan keng bahramand bo‘lgan.

Xorazm vohasida yashaydigan xalqlarning o‘tmish turmushidagi yirik tarixiy voqealardan biri – 1858-1859-yillardagi Qo‘ng‘irot qo‘z­g‘oloni Ajiniyoz she’riyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. U vatanparvar, ziyoli inson sifatida ushbu voqeaga beparvo qarab tura olmaydi va unda faol ishtirok etadi. Keyinchalik shoirni qo‘zg‘olon yetakchilaridan biri sifatida Xiva hukmdorlari turkman yerlariga badarg‘a qiladi. Surgun yillari shoir samarali ijod qiladi, madrasa tahsili paytida o‘qigan Maxtumquli she’riyatidan ko‘plab asarlarni qoraqalpoq tiliga tarjima qiladi. Oradan uch yil o‘tgach Ajiniyoz Vataniga qaytadi, lekin yana hukmdorlar ta’qibiga uchraydi. Shu sababli bepoyon qozoq dashtlariga safar qilishga majbur bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Ajiniyozning o‘zga o‘lkalarga uchinchi safari bo‘lgan.

1864-yili shoir hayotida yana bir muhim voqea ro‘y beradi. Ajiniyoz qozoqlarning oqin qizi Mengesh bilan aytishuv musobaqasida qatnashadi. El orasida muhim tarixiy voqeaga aylangan ushbu bellashuvda Ajiniyoz g‘alaba qozonadi. Ushbu musobaqa matni 1878-yili “Turkiston viloyatining gazeti”da ham chop etiladi.

Yot o‘lkalarda sarson-sargardonlikda yurgan shoir yurtini nihoyatda sog‘inadi, bu uning ijodida alohida mavzu sifatida ifodalangan. Ayriliqda kechgan bu yillarda shoir “Ellarim bordir”, “Bormikin?”, “Bordir”, “Mengzar”, “Ayrilsa”, “Xayrlashuv” kabi mashhur she’rlarini yozgan.   Shoir eliga qaytib kelganidan so‘ng Bo‘zatov, Qamish bo‘g‘ot, Yetim o‘zak ovullarida bolalar uchun maktablar tashkil etadi va bolalarga o‘qish-yozishni o‘rgatishni, dars berishni boshlaydi. Shu bilan birga umrining oxirigacha tinimsiz ijod qiladi.

Ajiniyoz ijodi olimlar tomonidan teran o‘rganilgan, asarlari qayta-qayta nashr etilib, turli tillarga tarjima qilingan. Shoir ijodida qoraqalpoq xalqi tarixi jonli va badiiy mahorat bilan tasvirlanadi. “Bo‘zatov fojeasi”ning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan shoir vatandoshlari boshdan kechirgan og‘ir musibatlarni mashhur “Bo‘zatov” dostonida yuksak mahorat va og‘riq bilan yozadi.

Ko‘zim yoshli, men ketarman, choram yo‘q,

Bir Xudodan o‘zga pushti-panam yo‘q,

Hamma ketdi, senda qolgan odam yo‘q,

Xush, omon bo‘l, bizdan qolding, Bo‘zatov!

Tarixdagi Bo‘zatov fojeasi, yov bosqinidan ommaviy qatag‘onga uch­ragan xalq taqdiri shoir yuragiga chuqur iztirob, bitmas jarohat soladi. Chunki o‘z yurtida tinch yashayotgan xalqni yoppasiga qirish, qatag‘on qilish eng og‘ir fojea. “Genotsid” deb ataladigan mazkur ko‘rgulik Bo‘zatovda ham sodir bo‘lgani tarixiy ma’lumot. Bu fojea jabrdiydalaridan biri Ajiniyozdir. Shoir yozganidek, bu yerlik sulolalarning vakillari Atrek, Gurgon, Xazar, Iroq, Shom, Kurd, Tehron tomonlarga tariqday sochilib ketgan. Ba’zilari qul qilib olib ketilgan, ba’zilari shahid bo‘lgan.  

U Vatani Bo‘zatovning baxtini ham, baxtsiz, qora kunlarini ham ro‘yirost tasvirlab, asarini avlodlarga meros qoldirdi. Toki, o‘g‘il-qizlar, farzandlar Vatan qadrini bilsin, elning baxti, tinchlikning qiymati nimada ekanini anglasin, deya.

Shoir dostonni umidbaxsh satrlar bilan yakunlaydi:

Zevaring xo‘shlashar qadringni bilib,

Ko‘zidan yosh to‘kib, bag‘rini tilib,

Omon bo‘lsa, hol so‘rashar bir kelib,

Xush, omon bo‘l, bizdan qolding, Bo‘zatov.

 

Bag‘oyat chuqur bilim, ilm, yuksak madaniyat sohibi, nozik his-tuyg‘u, sezim egasi bo‘lgan Ajiniyozning asarlari to‘laligicha XIX asr qoraqalpoq she’riyatining gultoji hisoblanadi. Shoir she’rlari o‘z ona tilida qayta-qayta nashr etilgan. Qo‘shiqlari, aytishuv, o‘lanlari xalq tilida doston bo‘lib ketgan. Nukusda o‘zbek tilidagi kitobi ham chop etilgan. Lekin shu paytgacha Ajiniyoz asarlarining to‘liq va mukammal tarjimasi o‘zbek tilida nashr etilmagan edi. Prezidentimiz qarori bilan shoirning bizga meros bo‘lib qolgan barcha asarlarining o‘zbek tilidagi nashri yaqin kunlarda ilk bora kitobxonlar qo‘liga yetib boradigan bo‘ldi.

 

Gulxanjon 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.