Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Osiyo yo‘lbarsi

Sport – insonni kamolot sari olib boruvchi yo‘llardan biri. Sportni sevganlar hech qachon kam bo‘lmaydi, aksincha,  o‘z nomlarini tarix sahifalariga o‘chmas qilib yozib ketish imkoniga ega bo‘lishadi. Ana shunday murakkab, ammo sharafli yo‘lni bosib o‘tgan, dunyoga nafaqat o‘zi, balki o‘zbek millati dovrug‘ini taratgan otaxon sportchilarimiz bor. Ulardan biri – o‘z davrida “Osiyo yo‘lbarsi” deya e’tirof etilgan, 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori, qator orden va unvonlar bilan taqdirlangan matonatli sportchi Rufat Risqiyev. Mashhur bokschi biz hali mustaqil bo‘lmagan, mustamlaka davrini boshdan kechirayotgan vaqtimizdayoq o‘zbek o‘g‘lonlarining kuch-qudratini jahonga namoyon etgandi. Qahramonimizning bolalik xotiralari, sportdagi mashaqqatlari, hayotiy xulosalari haqida u kishining o‘zidan bilib olsak...

 

ULARNI HIMOYA QILISH KERAK

Men otamdan erta ayrilganman, yetim o‘sganman. Dadam rahmatli o‘ttiz besh yoshlarida olamdan o‘tganlar. Ko‘chada “yetim”, “yetimcha” degan haqoratlar eshitgan paytlarimiz ham bo‘lardi. Mendan avvalroq akam boks bilan shug‘ullanishni boshlagan. Men ham mashg‘ulotlarni boshlashim bilan, akam meni “tarbiyalash”ga o‘tdi. Uyda “uni qil, bo‘lmasa boksga bormaysan, buni qil, bo‘lmasa boksga bormaysan...” deb g‘ashimga tegar, menga akamning bunday muomalasi hech yoqmasdi. Shuni deb bir kuni oyijonimga (rahmatli onamni shunday chaqirardim) boksga bormayman, deb xarxasha qildim. O‘shanda oyijonimning aytgan gaplari hech qachon esimdan chiqmaydi: “O‘g‘lim, sening otang yo‘q. Oilada men borman, opang bor, sen va akang bizni himoya qilishingiz kerak”. Mana shu bir og‘iz gap meni yana mashg‘ulotlar tomon yetaklagan. Bu voqeadan bir oycha o‘tib boks bo‘yicha shahar birinchiligida qatnashib, g‘olib bo‘ldim. Bu mening ilk musobaqam, ilk g‘alabam edi. Shundan keyin sport bilan tinimsiz shug‘ullandim. Chempion bo‘ldim. Ammo hali ham fikrim o‘zgarmagan, sport ko‘chadagi janjallarda o‘zingni ko‘rsatish, birovga besabab ozor berish uchun emas, o‘zingni, oilangni, ayniqsa, oilangdagi ayollarni himoya qilish uchun kerak...

CHIN O‘RTOQ EDIK

Maktabda juda a’lochi bo‘lganman deyol­mayman, ammo o‘qishim yomon emasdi. Hamma fandan ustozlar bergan vazifalarni bajarib borishga harakat qilardim. Barcha fanlarga jiddiy qarardim. Maktabimiz no­mi­­dan “Spartakiada” musobaqalarida qat­nashganman. Sinfdoshlarim, o‘rtoqlarim bi­lan futbol o‘ynashni juda yaxshi ko‘rardim. Mahallamizda birga o‘sgan tengdoshlarim bilan ham juda qalin do‘st bo‘lganman. Birga o‘ynar, birga ishlar, birga dars tayyorlardik. Har doim birga edik. Bahodir, Boris, Alimjon va boshqa do‘stlarim olamdan o‘tishdi, hozir o‘sha eski qadrdonlardan faqat men va Po‘lat qoldik. Yaqinda ko‘rishdik. Po‘lat bilan uchrashsak, do‘stlarimizni, yoshlik davrimiz, qilgan sho‘xliklarimiz, qiyin paytda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganlarimizni eslaymiz. Do‘stlik insonlar orasidagi hech qachon uzilmaydigan rishta ekanligiga ishonaman.

YOSHLIGIMNI SOG‘INAMAN

Yoshlik davrimni, shijoatga to‘la, kuch-qudratim bor vaqtimni qo‘msayman. Har kuni sport bilan shug‘ullanardik, yugurardik, mashg‘ulotlardan tashqari ham sport hayotimizning ajralmas qismi edi. Do‘stlarim bilan shahar aylanardik, qayerlargadir borardik, nimalarnidir o‘rganardik, xullas, hayotimiz qiziqarli edi. Yoshlik o‘tgach bu onlar hech qachon qaytmasligi, bu davr hayotimizning eng go‘zal, takrorlanmas yillari bo‘lganini tushunib yetdim.

1976-yildagi Olimpiya o‘yinlaridan keyin katta musobaqalarga chiqmadim. Tasavvur qiling, men 1966-1976-yillar oralig‘ida  xalqaro musobaqalarda bo‘lganman. Deyarli barchasi men uchun omadli yakunlangan. Boksda buncha uzoq vaqt faol bo‘lgan sportchilar kam. Albatta, men ham biroz charchagandim. Ammo bu butkul sportni tashladim, degani emas, shundan keyin ham sport bilan shug‘ullanib yurdim. Sizga aytsam, inson hayotida sport, jismoniy tarbiya bo‘lmasa, kasallik, dangasalik va yomon odatlar ko‘p bo‘ladi.

“Gulxan” jurnali o‘quvchilariga ham yoshi ulug‘ inson, ham mashhur sportchi, ham do‘st sifatida bir nechta maslahatlarimni aytib o‘tmoqchiman:

–   Avvalo, eng muhimi – insonning sog‘ligi. Salomatligingizga befarq bo‘lmang.

–   Bu hayotda hammadan aziz insonlar – ota-onangizni asrang, ularga g‘amxo‘r va mehribon bo‘ling.

–   Yaxshi o‘qing. “Yigitning bahosi” degan gap yolg‘on, o‘g‘ilmi-qizmi, barcha birdek a’lo bahoga o‘qishi, uqishi lozim. O‘qimishli inson hayotda kam qoqiladi.

–   Sport bilan shug‘ullanmasangiz bo‘lmaydi. Masalan, har tongda yugurishga chiqing. Agar xohlasangiz, biror sport bilan professional shug‘ullaning, ammo qaysi sohada bo‘lmang, hayotingizda sportning, jismoniy faollikning o‘rni bo‘lsin.

–   Hayotdan hech qanday “oltin qoida” izlamang, baxt kaliti topilishini kutmang. Faqat bugun kechagidan kuchli bo‘lishga harakat qiling. O‘zingizga ishoning. Yalqov bo‘lmang.

 

 

Muhammadali PO‘LATOV suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.