- Rukn: Sheʼrlar
- 990 marta ko‘rilgan
90 yilki
Toʻqson yilki, muxlislar
Koʻksida porlaganim.
Toʻqson yilki, lovullab,
Yoniga chorlaganim.
Yoshi ulugʻ boboning
Bolaligisan, “Gulxan”,
Qalbiga quvonch bergan
Donoligisan, “Gulxan”.
Seni uqib, oʻqigan
Hayotda boʻlmadi kam.
Gurillayver, Gulxanjon
Shamol, boʻron tursa ham.
Atrofingda ne shoir,
Yozuvchilar jam boʻldi.
Ijodlari mahsuli
Rassom-la bekam boʻldi.
Oʻnlab iqtidorlarning
Tetapoyasi oʻzing.
Ijod bogʻiga eltgan,
Pillapoyasi oʻzing.
Seni desa elimning
Yashnab ketadi koʻzi.
Senga oshno bolaning
Biyrondir har bir soʻzi.
Yon-yonaver, Gulxanjon,
Choʻgʻing aslo soʻnmasin.
Yil, asrlar oʻtsa ham
Chin maʼrifat oʻlmasin!
Zahro Hasanova