- Rukn: Sheʼrlar
- 3861 marta ko‘rilgan
Iqboli buyuksan
Avvalo, rahmatdir
Onaga,
Soʻng esa albatta,
Otaga.
Bizlarga eslatmish
Hayotni,
Unutmang hech qachon
Ustodni.
Sen oʻzbek elining
Farzandi,
Istiqlol yurtining
Dilbandi.
Yashasang – makoning
Gulshandir,
Sheʼr yozsang –
Oynomang “Gulxan”dir.
Vataning gʻoyatda
Keng erur,
Barchaga barobar –
Teng erur.
Mehnatda qotsa ham
Suyaging,
Yerga hech tegmasin
Kuraging.
Har doim Alpomish
Qoʻllasin,
Hazrati Hizr ham
Yoʻllasin.
Chiniqtir mayliga
Sen tanni,
Unutma va lekin
Vatanni.
Bolajon, sen doim
Suyuksan,
Bilib qoʻy, iqboli
Buyuksan!
Abdulla Oripov
1994-yil 1-son