- Rukn: Sheʼrlar
- 2342 marta ko‘rilgan
Minora
Buxoroda boʻlganingda –
Koʻrganmisan, Gulnora?
Shaharning qoq oʻrtasida
Turar ulkan minora.
Bulutlarning unga hatto
Tegib oʻtar koʻylagi.
Qancha yurtdan havas bilan
Kelishadi koʻrgani.
Qay tomondan boqma unga
Darrov koʻzga tashlanar.
Qancha ertak, fojialar...
Minoradan boshlanar.
Qariyb ming yil yashamoqda,
Gard qoʻnmagan toshiga,
Qaramoqchi boʻlsang unga –
Doʻpping tushar boshingdan.
Oʻymakorlik naqshlari –
Diqqatingni tortadi.
Oʻtib qolsam yonidan-chi,
Mehrim tagʻin ortadi.
Axir ulkan minorani
Katta bobomlar qurgan.
U kishining hunarlarin –
El maqtagan, el koʻrgan.
Yoʻlim tushsa, unga doim –
Taʼzim qilaman har gal.
U bobomga mangulikka –
Toshdan qoʻyilgan haykal.
Safar Barnoyev