- Rukn: Sheʼrlar
- 1047 marta ko‘rilgan
Kim nimani xush koʻrar?
Olmos qalam
Qoldi birdan guldirab
Koʻkda momaguldirak.
Ona tovuq joʻjalarin
Boshlab qochdi, chuldirab.
Yomgʻir yerni iydirar,
Yashil chaqmoq kuydirar,
Eski tandir ostida
Qora kuchuk dildirar.
Yashin – koʻkning ohimi?
Chaqmoq gohi-gohimi?
Chizar olmos qalamda
Nurdan kiyik shoxini.
Kim nimani hush koʻrar
Xohish va taʼb ne oʻzi?
Kim nimani xush koʻrar?
Tulki tovuq izlaydi,
Ayiq bolni tush koʻrar.
Boychechak-chi quyoshni,
Dehqon yerni, dalani,
Beshikdagi jujuqlar
Ona aytgan allani.
Shokir kutib oʻtirmas,
Shirguruchning sovushin.
Xol yoqtirar dars payti
Qoʻngʻiroqning tovushin.
Tursunboy Adashboyev
1983-yil 12-son