- Rukn: Sheʼrlar
- 1083 marta ko‘rilgan
“Gulxan”ga sheʼriy maktub
Onasi, ikki opasi bilan yetti yildan buyon ijaralarda yashab yurgan qizchaning ijroqoʻm raisiga maktubi:
Onam har gal yigʻlab qaytgan panohga
Men ham bugun maktubimni yoʻllayman.
Onam dardin yigʻlab aytgan panohda
Yurak bordir, qalb bordir, deb oʻylayman.
Rais bobo, maktub yozguchi bu qiz
Bori yoʻgʻi toʻrtinchida oʻqiydi.
(Oʻqiyversa, bunchalar koʻp ekan soʻz!)
Kitobi koʻp, faqat uyi yoʻq edi.
Uy bormi, deb nechalardan soʻradik,
Asragil, deb kechalardan soʻradik.
Rahmi bordan, fahmi bor, mehri bordan,
Uzun-qisqa koʻchalardan soʻradik.
Yetti yilda koʻchdik yetmishta joyga,
Xoʻjalari, bekalari jahldor.
Koʻchib borsak boʻsh uy yoʻqmikin Oyda,
Ul yoqlarda sovuq yoʻqmi, yoʻqmi qor?
Oq qor yogʻsa, sevinishib bolalar,
Mazza qilib yasashadi Qorbobo.
Onam esa chekaverar nolalar,
Yoqqan kabi oq qor emas, zor, bobo!
Men Qorbobo yasamayman, oh, bobo,
Oʻyinlarni asta chetlab oʻtaman.
Shu sovuqda yasab qoʻysam oq bobo,
Uyimiz yoʻq, qayga taklif etaman?
Onam avval hikoyalar yozardi,
Koʻch-koʻronda qolib ketdi barchasi.
Endi tinmay arizalar yozadi,
Ochgaymi, deb bizga tole darchasin.
Yozda hamma dam oladi lagerda,
Bizlar erkin yashash uchun boramiz.
Chiqsak baland togʻlar aro sayrga,
Choʻqqilarga koʻnglimizni yoramiz.
Oʻqib koʻrdim men yettita maktabda,
Harf topaman endi aytar soʻzimga.
Onajonim yozaversin kitoblar,
Arizani qoʻyib bersin oʻzimga.
Eng avvalo, buvijonim yolvorgan
Shafqati moʻl Xudosiga yozaman,
Nolalari tunning bagʻrini yorgan
Onalarning nidosiga yozaman.
Haqiqat ne, shu dunyoda bormi u?
Tupurdim-e aldov xoʻrozqandiga.
Kutaverib yurakcham ham boʻldi suv,
Yozajakman bolalarning fondiga!
Bir salomning kuchi, deganlaridek, yuqoridagi sheʼrni 2-mart kuni Samarqand oblast partiya komiteti kotibi oʻrtoq Farogʻat Shukurovaga yoʻllagandik. 6-iyunda yuborilgan 3/37 raqamli javob xatida ushbu sheʼr qahramoni boʻlgan qizchaning onasi – adiba Nozik Qoʻziyevaga Navoiy shahrida 2 xonali uy ajratilganligi xabar qilinadi.
Gulxanjon hurmatli F. Shukurovaga va shoira X. Bobomurodovaga tashakkur aytadi.
Xosiyat Bobomurodova
1989-yil 10-son