- Rukn: Sheʼrlar
- 1166 marta ko‘rilgan
Fevral
Fevral. Ey do‘st!
Keldingmi, qani,
Bir ko‘rishib qo‘yaylik avval.
Oylar ichra
garchi qadding past,
Lekin qadring baland, mukammal.
...Mir Alisher
tavallud kuni,
Ortga tashlab ne sanalarni,
Vatan uzra
boshlab yuborar
Hidoyatli tantanalarni.
O, bobomning
nomi yangragay
Qardosh tillar, yot tillarda ham.
Navolari
navozish etgay
Yaqin ellar, yot ellarda ham.
...O‘n to‘rting ham
yetib kelgaydir,
Shoh va shoir keladi otda, –
Soz-u sozgar
Zahiriddin Bobur
Har g‘azalin kuylar hur Yurtda!
Inja mavqe
maqomlariga
Ne ko‘ngillar ketadi iyib.
Deysan: Dunyo
o‘lmaganniki –
Zoti sharif Boburni suyib.
...Fevral. O‘sgan
bo‘yingga ta’zim, –
ketding barcha oylardan o‘zib.
Minbarlarda
She’r o‘qir, Azim,
Ne shoirlar yuragin yozib!
Azim Suyun