- Rukn: Sheʼrlar
- 910 marta ko‘rilgan
“Otim – uchqur qanotim...”
Ot va it
Bor mening yoʻrgʻa otim,
Otim – uchqur qanotim.
Safarga chiqar boʻlsam,
Men egarda oʻltirsam,
Qushdayin uchib borar,
Manzilga tez yetkazar.
Itim bor qamish quloq,
Uyda mudom koʻz-quloq.
Agar safarga chiqsam,
Otim boʻlar yoʻriqchim.
Itim uyda qoladi,
U beminnat qoʻriqchim.
Sichqon
Sichqon sandiq tagiga
Pildirab kirib oldi.
Non tiqilgan qopqonni
Koʻrib, quvonib qoldi.
Gʻivirlab bordi sekin:
“Mazza, non boʻlsa tekin”.
Luqmaga ogʻiz soldi,
Qopqon shart siqib qoldi...
Tipirchiladi sichqon,
Azobda qolganda jon.
Nafsini koyidi xoʻp,
Koʻz yoshi toʻkdi koʻp-koʻp.
Endi kech, yoʻqdir nafi,
Uni mahv etdi nafsi.
Suvon Soqiy
(1928–2006)