- Rukn: Sheʼrlar
- 1046 marta ko‘rilgan
Vatanni boshga koʻtar
Ey bolajon, bolajon,
Fikri-yu zehni chaqqon,
Yurtimizga boqsang gar,
Dilda toshar hayajon.
Har sohada burilish,
Har qadamda qurilish,
Yangilanish, poklanish,
Oldingi safda yurish.
Kerak endi porlamoq,
Kerak endi chaqnamoq.
Chin insoniy burchingni
Lozim toʻla oqlamoq.
Bir joyda qolib ketish,
Depsinish, nolib oʻtish,
Kechirib boʻlmas gunoh,
Ertani yonmay kutish.
Koʻp joylarda gʻavgʻo bor,
Koʻp joylarda dolgʻa bor.
Bizda kitobxon uchun
Eng kattakon sovgʻa bor.
Daryoday oqib oʻqi,
Qalblarni yoqib oʻqi.
Zehnni charxlab turib,
Magʻzini chaqib oʻqi!
Oʻqigan oʻtar endi,
Bilimdon yutar endi,
Zakovat bilan yurtni
Boshingga koʻtar endi.
Xurram Raimov