- Rukn: Sheʼrlar
- 2173 marta ko‘rilgan
“Bolalarga kitob bering” toʻplamidan
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, qator mukofotlar sovrindori, taniqli shoira Zulfiya MOʻMINOVA keyingi yillarda bolalar uchun ham barakali ijod qilmoqda. Uning bir nechta ertaklarini “Gulxan”ning oʻtgan yilgi sonlarida eʼlon qilganmiz. Yaqinda Yozuvchilar uyushmasida shoiraning bir yoʻla uchta kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Sahifada koʻrib turganingiz bu kitoblarga Zulfiya opaning ajoyib sheʼr va ertaklari jamlangan. Ular ona Vatanni sevishga, uning tabiatini asrash-avaylashga va qadriyatlarimizni eʼzozlash muqaddas burch ekanligini uqdirishga harakat qiladi. Quyida eʼlon qilinayotgan sheʼrlar ijodkorning “Oʻzbekiston” NMIUda chop etilgan “Bolalarga kitob bering” deb nomlangan toʻplamidan olindi.
Jazoladim echkimni
Rahmat aytar daraxtlar,
Qarsak chalar teraklar.
Ularning ham joni bor,
Ular bizga keraklar.
Avaylayman daraxtlarni,
Shoxini sindirmayman.
Shirin jonini ogʻritib,
Koʻzini tindirmayman.
– Novdasini gʻajib yema,
Qaysar echki, ket bundan!
Daraxtni xafa qilsang,
Rosa koʻrasan mendan.
Bir kun echkim yashirincha
Boqqa kirganin sezdim.
Ushlab oldim, ayamay,
Quloqlaridan choʻzdim.
Rosa kuldi daraxtlar,
Qarsak chaldi teraklar.
Mushukning sartaroshi
Mushugimning moʻylovini
Qirqqan edim yashirib.
Buvim rosa koyidilar,
Bobom soʻkdi oshirib.
Dadam ushbu qilmishni,
Ishdan kelib koʻrdilar.
Yetmaganday ular rosa
Taʼzirimni berdilar.
Boshqa bunday qilmaslikka
Qayta-qayta soʻz berdim.
Sartaroshlik menga emas,
Mana sinab ham koʻrdim.
Men yaxshilik qilmoqchiydim,
Ishlar teskari oldi.
Yaxshilikka yomonlikmi?
Savolim ichda qoldi.
Dunyodagi eng yaxshi bola
Dunyodagi eng yaxshi bola,
Qani oʻsha, qayerda yashar?
Orangizda oʻsha zoʻr bola
Erta tongni salom-la boshlar.
Aʼlo oʻqir hamma fanlardan,
Kitob bilan toʻla xonasi.
Ustoziga rahmat keltirar,
Faxrlanar ota-onasi.
Suratlar chizgan bola,
Ertak toʻqigan bola.
Dunyodagi eng yaxshi bola –
Kitob oʻqigan bola.