- Rukn: Sheʼrlar
- 972 marta ko‘rilgan
“Onam allasida yashaysan, Vatan...”
Boʻri va quyon
Yolgʻiz yoʻlda boʻriga
Duch kelib qoldi quyon.
Xayrli tun! – dedi-yu,
Qochmoqchi boʻldi shu on.
– Quyosh endi chiqdi-ku,
“Xayrli kech” nimasi?
Jinni boʻldingmi? – dedi
Qotib boʻri ensasi.
Quyon der: – Uzr, janob,
Qoldim soʻzdan adashib.
Sizni koʻrsam, koʻz oʻngim
Ketar qorongʻilashib.
Onam allasida yashaysan, Vatan
Koʻhna beshigimni quchaman, joʻshib,
Onam allasida yashaysan, Vatan.
Mehrini tutadi kuyiga qoʻshib,
Hofiz yallasida yashaysan, Vatan.
Erk uchun qalamin ayladi qalqon
Abdulla Qodiriy, Fitrat-u Choʻlpon.
Hindda shoh boʻlsa-da sogʻindi har on,
Bobur nolasida yashaysan, Vatan!
Koʻzlarga toʻtiyo zarra tuprogʻing,
Amir Temur tugʻi – nurli bayrogʻing,
Oltinga alishmas shuvoq, yantogʻing,
Choʻpon chaylasida yashaysan, Vatan!
Kindik qonim tomgan ostonam oʻzing,
Boshimda hamisha parvonam oʻzing,
Koʻnglim qalʼasida yashaysan, Vatan,
Onam allasida yashaysan, Vatan!
Komila RAJABOVA,
Navoiy shahar
11-sonli ixtisoslashtirilgan maktab
oʻqituvchisi, Xalq taʼlimi aʼlochisi