- Rukn: Sheʼrlar
- 1078 marta ko‘rilgan
Bahor
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
Barcha tomirida uning to‘lqini.
O‘tmishning behuda oni kabi qor,
Beiz, bedard erib ketar uchquni.
Inson ko‘zlarida jon olar bahor,
O‘yinqaroq go‘dak singari bulut.
Ko‘k qovog‘i uyuq, yorqin bir viqor
Kishilar qalbidan boqar bo‘lib o‘t.
Bahorning sehrgar boqiy chiroyi
Yosh-u keksa ko‘nglin ovlaydi birdek.
Ko‘zguni sindirib tashlar. Kiroyi
Har kishining yoshi bu fasl dildak.
Har nurga, har qushga, har kurtakka shod
Benihoya yaqin bo‘ladi yiroq.
Go‘yo sensiz hosil bo‘ladi barbod,
Har tikilgan chigit ko‘ksing etar tog‘.
Bahor bo‘lmasaydi, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt...
Zulfiya,
Oʻzbekiston xalq shoiri