Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aziz onajon

Ko‘ngil gul bog‘ida asrayman sizni,

Ko‘zim qarog‘ida asrayman sizni,

Qalbim ardog‘ida asrayman sizni,

Bog‘bonim, posbonim, aziz onajon!

Qalbim navolari qo‘shiq, soz bo‘lgay,

Bahor chechaklari poyandoz bo‘lgay,

Umid, orzularim sarafroz bo‘lgay,

Yulduzim, osmonim, aziz onajon!

Siz bilan ko‘rkamdir yillar, fasllar,

Qalb-u ko‘ksingizdan qarzdor nasllar,

Shu bois bosh egib, ardoqlab siylar,

Iymonim, vijdonim, aziz onajon!

Siz bedor, dunyo tinch, el obod bo‘lgay,

Dard-u anduhlardan dil ozod bo‘lgay,

Xonadon serfayz-u, ko‘ngil shod bo‘lgay,

Quyoshli jahonim, aziz onajon!

Yuksak parvozlarda sinalar lochin,

Siz borsiz, jahonni quchar qulochim,

Qaniydi oqlolsam farzandlik burchim,

Qo‘shig‘im, dostonim, aziz onajon!

 

Normurod NARZULLAYEV,

O‘zbekiston xalq shoiri

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.