- Rukn: Sheʼrlar
- 195 marta ko‘rilgan
Yaxshilik deb yashayman
Yaxshi kunni saharidan kutdim men,
Tong keltirgan xabaridan kutdim men,
Hayot zavqin saharidan kutdim men,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!
Do‘st qadrini vafosidan bildim men,
Ishq jabrini jafosidan bildim men,
Qalb zarbini xatosidan bildim men,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!
Gul atrini iforidan angladim,
Tikan zahrin ozoridan angladim.
Oshiq dardin dil zoridan angladim,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!
Ul chamanmas — lola, guli bo‘lmasa,
Ul maskanmas — gar bulbuli bo‘lmasa,
Ul Vatanmas — shoir o‘g‘li bo‘lmasa,
Men kelganman yaxshilik deb dunyoga,
Azizlarim, yaxshilik deb yashayman!
Normurod NARZULLAYEV,
O‘zbekiston xalq shoiri