- Rukn: Sheʼrlar
- 1477 marta ko‘rilgan
Bag‘ri butun, erk tilak bo‘lgin
Bolajon
Rost so‘z bo‘lar ko‘pincha achchiq,
Yolg‘on so‘zning tuzog‘idan chiq,
Haq so‘z uchun mayliga tiz cho‘k,
Hushyor bo‘lgin tilga, bolajon.
Ko‘z ilg‘amas g‘ovlar bor qancha,
Tubsiz o‘pqon, zovlar bor qancha,
Tish qayragan yovlar bor qancha,
Hushyor bo‘lgin yo‘lda, bolajon.
Yolg‘on so‘z bu – tilning ofati,
Yaxshi so‘zdir dilning rohati,
Haq so‘z erur elning qudrati,
Chin so‘zli bo‘l, elda, bolajon.
Botir bo‘lgin, sheryurak bo‘lgin,
Bag‘ri butun, erk tilak bo‘lgin.
Barcha uchun sen kerak bo‘lgin,
Mehr ulash dilga, bolajon.
Biz gullarga o‘xshaymiz
Yayrab-yayrab o‘samiz,
Sayrab-sayrab o‘samiz.
Ozod yurtda shod-omon,
Quvnab-quvnab o‘samiz.
Ko‘zlarimiz yulduzday,
Yuzlarimiz go‘yo oy.
Kulgimizdan yashnaydi
Keng olam olib chiroy.
Biz gullarga o‘xshaymiz,
Baxtga to‘lib yashaymiz.
Hayot bo‘lsin deb go‘zal,
Yo‘llarga gul to‘shaymiz.
Quyoshli diyorimiz,
Qiyossiz gulzorimiz.
Tinchlik bo‘lsin dunyoda –
Shu – oliy shiorimiz.
Xurram Raimov