- Rukn: Sheʼrlar
- 2169 marta ko‘rilgan
Murg‘ak vujudingga g‘am qo‘nmas sira
Shu kunlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Dog‘istonning mashhur shoiri Rasul Hamzatov tavalludining 95 yilligi keng nishonlanmoqda.
Siz ham adabiyot darsliklari orqali Rasul Hamzatov shaxsi va ijodini yaxshi bilasiz. Suyukli shoirlarimiz Abdulla Oripov, Erkin Vohidov hamda taniqli ijodkor Asror Mo‘min tarjimasidagi she’rlarini hayajon bilan o‘qib, yod olgansiz.
Quyida Rasul Hamzatovning abadiyatga muhrlangan she’rlaridan namunalar o‘qiysiz.
Onamga
Tog‘da o‘sdim, shumtakaligim
Bilar edi yaqin-u yiroq.
Qaysar edim, bas kelmas hech kim,
So‘zlaringga osmasdim quloq.
Biroq yillar o‘tdi...o‘tdi o‘t yoshlik,
Hech narsani pisand qilmasdim.
Endi bo‘lsa huzuringda tek,
Bir go‘dakdek sezaman o‘zim.
Ikkalamiz tanhomiz, mana
Qalbimda yo‘q g‘am-g‘ashdan nishon.
Sening yumshoq kaftingga yana
Oq soch boshim qo‘yay, onajon.
Dil o‘rtanur, dilimda g‘ash bor,
Boshboshdoqlik qilgandir asir.
Durustgina senga e’tibor –
Qilolmadim bu emasdir sir.
Hayot bu dam bo‘lib girdobday,
Olib ketur komiga solib.
Dil siqilur yana paydar-pay,
Onam, seni unutdimmi, deb.
Sen bo‘lsang-chi, qilmasdan ta’na,
Ko‘z tashlaysan xavotirlanib.
Xo‘rsinib goh, bildirmay ona,
Artasan ko‘z yoshing o‘rtanib.
Yulduz so‘nggi manzili tomon
Uchib borar solib ko‘kka iz.
O‘g‘ling kelib qo‘yar, onajon
Oq soch boshin kaftinga bu kez.
Kenja nabiram Shahrizodga
Nega yig‘layapsan, ayt, qo‘zichog‘im,
Nima bo‘ldi? Yomon tush ko‘rdingmi yo?
Otang bor, onang bor – suyangan tog‘ing,
Boshingda girgitton tevarak dunyo.
Yetimlik zahridan qalb yara, ne tong,
Ko‘rdim ozorlarin qismatning qattiq.
Yig‘lasa yarashar men – keksa bobong,
Nega yig‘layapsan sen achchiq-achchiq?..
Bilmaysan, sen hali xusumat nima,
Aldov, xiyonatdan bo‘lmas holing tang.
Murg‘ak vujudingga g‘am qo‘nmas sira,
Allasin aytarkan munis volidang...
Do‘stlarni ko‘rdim men – imonsiz taqir,
Dushmanlar yo‘limni to‘sdi g‘ov bo‘lib.
Sen nega yig‘laysan? Yig‘lay men, axir,
O‘pkam yig‘ilarga ketdi-ku to‘lib.
Sen urush neligin bilmaysan mutlaq,
Yondi olovida – neki tirik jon.
Sening boshing uzra nur sochar har choq
Tinch va osoyishta lojuvard osmon.
Ne-ne og‘alarim jangda yo‘qotdim,
Eslasam, ko‘zimdan sizadi namlar.
Sen nega yig‘laysan? Bas, yig‘layin men,
Sochim oqartirdi beadad g‘amlar...
Nabiramning bidir-bidir so‘zlarin
Tingladim, shundoq der mitti yurak:
“Siz neki ko‘rgansiz – men ular barin
Ulg‘ayarkan, bir-bir ko‘rmog‘im kerak.
Tahlikaga to‘la bu dunyo aro
Tonglar xavotirnok otmas behuda.
Yig‘lashim shu bois, siz esa, bobo,
Nega yig‘layapsiz, hayronman juda...”
Rasul Hamzatov