- Rukn: Sheʼrlar
- 3696 marta ko‘rilgan
Baliq ovida
Baliq tutish-chun bir kun
Dilshod, men hamda Omon.
Yo‘l oldik daladagi
Huv, katta anhor tomon.
Qo‘lda tutib qarmoqni,
Xaltachaga non soldik.
Uzoq ekan anhor ham,
Yetguncha ancha toldik.
“Baliq tutolmaysiz”, deb
Nortoy birga bormadi.
“Biz bilan yurgin” desak,
Gapga quloq solmadi.
Manzilga yetgach suvga
Qarmoqlarni tashladik.
Qachon baliq tortar deb
Intiq kuta boshladik.
Birdan qarmoq po‘kagi
Suvda o‘ynab qoldi-ku,
Tez yopishib dastakka
Qirg‘oq tomon oldik-ku.
Buni qarang, qarmoqqa
Ilinibdi qurbaqa.
Chiqarib olib tezda
Uloqtirdim yiroqqa.
Dilshodning xo‘ragiga
Ilingandi zo‘r “laqqa”,
Uni tutib qololmay,
Tushdi-ku o‘zi laqqa.
Omon-chi chuvalchangni
Ilaman, deb qarmoqqa
Qarmoqning “tilcha”sini
Sanchib oldi barmoqqa...
Baliq tutish yo‘rig‘in
O‘rganib ham oldik biz.
Anchagina baliqni
Chelakchaga soldik biz.
Oftobda ham toblandik,
Hatto cho‘mildik biroz.
Tabiat quchog‘ida
Yayramoq qandayin soz.
Yo‘l oldik uyimizga
Kech kirib kun botar chog‘.
Kayfiyatlar zo‘r edi,
Qo‘shiq aytdik quvnoq, shod.
Qaytishda uchratdik biz
Nortoyboyni qishloqda.
Havas-la qarab turar,
Bizga Nortoy yiroqdan.
O‘ljamizni ko‘rsatib,
Maqtanib qo‘ydik toza.
Ovga bormaganiga
Afsus qildirdik rosa.
Mahmud TO‘YCHIYEV