- Rukn: Sheʼrlar
- 2465 marta ko‘rilgan
Cho‘limizni suyamiz
O‘yinqaroq bolamiz
Issiqlanib yo‘lda biz,
Cho‘milyapmiz ko‘lda biz.
Komil quloch otyapti,
Davron qumga botyapti.
Kimga nima yoqqani,
Nor qiynaydi baqani.
Bir qarasak, kech kirib,
Kun ham qopti eskirib.
Birdan bo‘ldi ko‘zlar lo‘q,
Qirda qolgan mollar yo‘q!
Nima deydi onamiz,
Izlab o‘t-o‘t yonamiz.
Echkemarlar
Tug‘ilgandan cho‘ldamiz,
Qorin boqib yo‘ldamiz.
Quvalaysiz har safar,
Sizlardan deb yo‘q samar.
Cho‘limizni suyamiz,
Ilon boshin tuyamiz.
Ohu
Irg‘ib u yoq-bu yoqqa,
Kuchni berdim tuyoqqa.
Bo‘rilar ham quvladi,
Yeta olmay “uv”ladi.
O‘qi tegmay qaltirab,
Ovchi qoldi mo‘ltirab.
Ular qolsa o‘y chizib,
O‘tlayman-da, bo‘y cho‘zib.
Hayvonot bog‘idagi fil
Yoshligimda ey do‘stlar,
Ancha yog‘och tashidim.
Sog‘lig‘im yomonlashgach,
Nochor boshim qashidim.
Meni biroz tuzatishdi,
Dam olishga kuzatishdi.
Hozir nafaqadaman,
Lekin biroz xafaman.
Ertakchi chol
Qosim bobo – ertakchi chol,
Ertaklarning uyasi.
So‘zlar, nechta qulun bergan
Go‘ro‘g‘lining biyasi.
“Alpomish”ni aytib qolar
O‘tiramiz dong qotib.
Uyquchimiz Nodirjonni
Goh qo‘yamiz uyg‘otib.
“Badal botir”, “Kuntug‘mish”ni,
So‘zlar ekan kerilib.
Lang ochgancha og‘zimizni,
Eshitamiz berilib.
Qahramoni halok bo‘lsa,
Achinadi ko‘zi yosh.
Dushmanlarga xayolida,
Aylantirar mushti tosh.
Biz ham asta mung‘ayibroq
Tarqalamiz uylarga.
Qosim cholning ertaklari
“Ur, sur” bo‘lar uylarga.
Odil ABDURAHMON