- Rukn: Sheʼrlar
- 2180 marta ko‘rilgan
Yozning yozganlari
Bilaman, siz meni ko‘pam xushlamay,
Bahorga talpinib she’rlar yozasiz.
Kuzning xirmonidan ko‘nglingiz to‘lib,
Qishning ziynatidan orom olasiz.
Tabiat qonunin anglasangiz-da,
Goh mendan noliysiz terlab, hansirab.
Quyoshning tig‘idan panaga qochib,
Labingiz yopishib qolar suvsirab.
Aslida kuzakning mo‘l-ko‘l xirmoni
Yozning quyoshidan rostlagan-ku qad.
O‘sha siz maqtagan qish dasturxoni
Yozning chillasidan shimgan novvot, qand.
Shu fasl emasmi tog‘lar bag‘riga,
Oromgoh qo‘yniga chorlagan sizni.
Irmoqlar, daryolar mavjlanib oqib,
Suzishga, o‘zishga chorlagan sizni.
Ulug‘ shoir yozib qoldirganidek:
Har faslning xislat, fazilati bor.
Bahorni, kuz, qishni maqtagan mahal,
Yozning tarovatin unutmang zinhor.
Zebo HASANOVA